«Bolalar ilk rivojlanishida innovatsion yondashuv» birinchi o‘zbek-xitoy forumida O‘zbekiston pedagoglarining eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlash uslublari bo‘yicha o‘qitish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi Pekin pedagogika universiteti va Sun Sinlin nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldi. Yaqin vaqtlarda ilk 25 nafar pedagog Xitoyga malaka oshirish uchun yo‘lga chiqadi, deya xabar qildi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Eshitish va nutq reabilitatsiyasi markazi boshlig‘i Dao Veysze Xitoyda 6 yoshgacha bo‘lgan eshitishda nuqsoni bor bolalar bilan ishlash tizimi to‘g‘risida so‘zlab berdi. XXRda eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar soni har yili taxminan 23 ming nafarga ortmoqda. Bu aholining o‘sishi bilan bog‘liq, dedi mutaxassis.

Dao Veyszening so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda nogironligi bo‘lgan bolalar davlat tomonidan kuchli himoya ostiga olingan. Besh yildirki eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarga eshitish uskunalari bepul o‘rnatilmoqda va ularga bepul xizmat ko‘rsatilmoqda. Birinchi yilgi reabilitatsiya xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplanadi.

Eshitishda nuqsoni bor bolalar uchun markaz eshitishni rivojlantirish va to‘g‘rilashga qaratilgan maxsus dastur bo‘yicha bolalarni ota-onalari bilan birga o‘qitishni taklif etadi. Markaz har yili yaqin eshitishda nuqsoni bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlash bo‘yicha 2000 nafarga reabilitolog va tarbiyachilarni tayyorlaydi. Xitoyning barcha provinsiyalarida eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilish muassasalari ochilmoqda. Tarbiyachilar tibbiy tavsiyalarni hisobga olgan holda ta’lim oladi.

Dao Veysze O‘zbekiston maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sharoitlar va ularning texnik imkoniyatlari to‘g‘risida so‘zlar ekan, erta bosqichlarda texnik ko‘mak va reabilitatsion choralar zarar ekanini ta’kidladi. Birinchi navbatda oilalar yordamga muhtoj bo‘ladi. Buning uchun tibbiyotchilar, reabilitologlar va psixologlar boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi lozim, dedi mutaxassis.