AGMK futbol klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z lavozimini tark etishga qaror qildi. Bu haqda 48 yoshli mutaxassis Toshkentning «Paxtakor» jamoasidan mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati.

Olmaliq klubi Superliganing 10-turida «Paxtakor"dan 4:1 hisobida yengilishi so‘nggi besh o‘yindagi to‘rtinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Mirjalol Qosimov uning jamoasi barqaror o‘yin ko‘rsata olmayotganini ma’lum qildi.

«Nechanchi o‘yindirki, birinchi bo‘limni u qadar muvaffaqiyatli o‘tkaza olmayapmiz. Uydagi bir qator o‘yinlarda, safarda ham birinchi bo‘limda umuman o‘yinimiz qovushmadi. Qolaversa, ko‘plab o‘yinlarning dastlabki 15 daqiqasida o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yuboryapmiz. Buni statistika ham ko‘rsatib turibdi. Bugun „Paxtakor“ jamoasi haqli tarzda g‘alaba qozondi. Nimagadir o‘yinimiz barqaror ko‘rinish olmayapti. Rahbariyatdan iste’fo so‘rayman», — dedi mutaxassis o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 8 mart kuni start oldi va ikki davra (26 tur) o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu mavsumda 14 jamoa ishtirok etmoqda. 10 tur yakunlari bo‘yicha AGMK 7 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, birinchi uchlikda «Paxtakor» (26), «Lokomotiv (21) va «Surxon» (18) bormoqda.

Mirjalol Qosimov AGMKga o‘tgan yilning dekabrida bosh murabbiy etib tayinlangan edi.