2019 yil 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida qat’iyat bilan amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar avvalo fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarini amalda kafolatli himoyasini ta’minlash orqali ularni sud organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Sud-huquq tizimidagi shiddatli yangilanish va o‘zgarishlar jarayonida bugungi zamonaviy talab va ehtiyojlarni inobatga olib amaldagi qonunchilik bazasini izchillik bilan takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan, keyingi davrda Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi tasdiqlanganligi jamiyatimiz hayotida ulkan voqea bo‘ldi.

Dunyoning taraqqiy etgan davlatlarining ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish, islohotlar jarayonida to‘plangan boy tajribamiz asosida ishlab chiqilgan ushbu kodekslar odil sudlov samaradorligini yanada oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yangi, zamonaviy mexanizmlar orqali kafolatli himoya qilish, sudlar faoliyati shaffofligi va ochiqligini ta’minlashda o‘ta muhim o‘rin tutmoqda.

O‘z navbatida, ushbu yangi kodekslarning qabul qilinishi Oliy sud Plenumining bu boradagi qarorlarini yangi tahrirda qabul qilishni taqozo etdi.

Shu maqsadda Oliy sud tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlari tomonidan «Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida», «Sudning hal qiluv qarori haqida» va «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instansiya sudida qo‘llashning ayrim masalalari haqida"gi qarorlari loyihalari ishlab chiqildi.

Plenum majlisida ushbu qarorlar loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, Plenum majlisida muhokama etilgan «Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi qaror loyihasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan sudlar qonun normalarini bir xilda to‘g‘ri qo‘llash haqida tushuntirish berish va yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. Mazkur qaror loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi, qarori ustidan shikoyat berish huquqi sud ishini yuritishda ayblov tomoni (prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakili, fuqaroviy da’vogar yoki uning vakili) va himoya tomoni (ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib, jinoyat ishi tugatilgan shaxs, mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, fuqaroviy javobgar yoki uning vakili) ishtirokchisiga berilganligi tushuntirilmoqda.

Sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi, shuningdek, mazkur qarorlar huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxslarda ham mavjud. Fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud hujjatlarining faqat fuqaroviy da’voga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlov sabablari va asoslariga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Qonunda boshqa shaxslarga sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi berilmagan. Nazorat tartibidagi shikoyat, protest bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.

Nazorat tartibida ish yuritish faqat apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Qonunda shikoyat (protest) berish uchun biron bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksi mazmuniga ko‘ra, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil o‘tgandan so‘ng berilgan shikoyat (protest), basharti unda og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlarga (masalan, mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, mulkiy ziyon miqdorini ko‘paytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi yoki ayblov mazmuni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga o‘zgarishiga olib kelsa va hokazo), shuningdek, oqlov hukmini yoxud sudning ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilish nazarda tutilgan bo‘lsa, nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko‘rilishi mumkin emas.

Shuningdek, Plenum yig‘ilishi ishtirokchilari Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilingani munosabati bilan ishlab chiqilgan «Sudning hal qiluv qarori haqida"gi qaror loyihasini ham muhokama qildilar. Aytish kerakki, Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, hal qiluv qarori birinchi instansiya sudi tomonidan ishni da’vo va alohida ish yuritish tartibida mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha qabul qilinadigan sud hujjatining bir shakli hisoblanadi. Hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qilinadi va barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida so‘zsiz ijro etilishi lozim. Ushbu Plenum qarori loyihasida sudlarning e’tibori Fuqarolik protsessual kodeksi talabidan kelib chiqqan holda sudning hal qiluv qarori qonunga asoslangan bo‘lishi lozimligiga qaratilmoqda.

Hal qiluv qarori, unda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar, sud tomonidan tekshirilgan dalillar bilan tasdiqlangan, ularning aloqadorligi va maqbulligi qonun talablariga javob beradigan yoki sud hammaga ma’lum deb topgan, isbotlashga muhtoj bo‘lmagan holatlar, shuningdek, aniqlangan faktlardan kelib chiqadigan yakuniy xulosalar aks ettirilganda, asoslantirilgan hisoblanadi. Sudya hal qiluv qarorini alohida xonada (maslahatxonada) ishning muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilishi shart. Shuningdek, sudlarning e’tibori asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlashni kechiktirilishi istisno hollarda, o‘ta murakkab ishlar bo‘yicha besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga yo‘l qo‘yilishiga qaratilmoqda. Bunday hollarda hal qiluv qarorining faqatgina kirish va xulosa qismlari tayyorlanadi.

Hal qiluv qarorining xulosa qismi ish muhomasi tamomlangan sud majlisining o‘zida sudya tomonidan imzolanadi, o‘qib eshittiriladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi. Hal qiluv qarorining xulosa qismi e’lon qilinganda, raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi. Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlardan iborat bo‘lishi kerak. Qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni u e’lon qilingach, raislik qiluvchi tomonidan taraflarga tushuntirilishi shart.

Plenum majlisida muhokama etilgan «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instansiya sudida qo‘llashning ayrim masalalari haqida"gi qaror loyihasida iqtisodiy sudlarning e’tibori nizolarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan, taraflarning teng huquqliligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa prinsiplarini ta’minlagan holda hal etish zarurligiga, ularga rioya qilmaslik esa, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelishiga qaratilmoqda. Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.

Bunda manfaatdor shaxs deganda, o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs (da’vogar, qarshi da’vo arizasi bo‘yicha esa javobgar, arizachi, nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs) tushunilishi lozim. Sud manfaatdor shaxslarning, prokurorning, qonun bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda shu davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjati barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim. Sudya tomonidan imzolangan sud hujjatlari ishda qoldirilishi sababli, uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladigan nusxalari «asliga to‘g‘ri» yozuvi kiritilib, sudning gerbli muhri bilan, agar sud hujjati elektron tarzda yuborilsa, u sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.