Hukumatning 2019 yil 24 may kunidagi qarori bilan Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

transport sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari;

avtovokzallar, avtostansiyalar va bekatlarni qurish;

Transport vazirligi tuzilmasidagi ixtisoslashtirilgan avtotransport korxonalari uchun yangi avtotransport vositalarini sotib olish;

transport sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish;

xodimlarni rag‘batlantirish.

Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash hay’at tomonidan amalga oshiriladi.

Hay’at o‘z faoliyatini Ijro etuvchi organ orqali amalga oshiradi. Uning tarkibi transport vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.