Maktabgacha ta’lim vazirligi Xitoyning beshta bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchisi bilan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Mahsulotlar 24 may kuni «Bolalar ilk rivojlanishida innovatsion yondashuv» o‘zbek-xitoy forumida taqdim etildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Ushbu mahsulotlar yog‘och, plastik, qattiq o‘yinchoqlar va inventarlar, rivojlantiruvchi o‘yinlar, o‘yin qurilmalari, bolalar maydonchalari, mebel va ta’limiy multimedia kontentidan iborat. Mahsulotlar Shimoliy Amerika, Yevropa, Avstraliya va Yaponiyaga eksport qilinadi.

Tomonlar rivojlantiruvchi o‘yinlar, o‘yinchoqlar va o‘yin qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Forumda maktabgacha ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha talabalarga stipendiyalar ajratish, maktabgacha ta’lim standartlari sohasi, shuningdek alohida parvarishga muhtoj bolalar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Forumda vazirlik va idoralar, Sun Sinlin nomidagi jamg‘arma, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpuslar vakillari, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari (MTM) rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin bolaning tabiiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun ta’limiy muhit xilma-xil materiallar va uskunalarni o‘z ichiga olishi va ijodiy bo‘lishi lozim ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bunday muhitda bola mas’uliyatni, mustaqillikni va boshqalar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishni o‘rganadi, deb hisoblaydi vazir.