Jinoyat ishlari bo‘yicha Xazorasp tumani sudi ana shunday qilmishlarni sodir etgan ikki nafar fuqaroning ayblov ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudining raisi Akbar Aminov «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Keyingi ikki yil mobaynida tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli shifoxonada ruhiy xastaliklar shifokori vazifasida faoliyat yuritgan Shuhrat Abdiraimov yoshi ellikdan o‘tsa-da, oqni qoradan, egrini to‘g‘ridan farqlay olmadi. U o‘zi va oilasi baxtini halollik, poklik, fidoyilikka yo‘g‘rilgan mashaqqatli mehnat maydonidan emas, chohga, tubsiz jarga eltuvchi xatarli yo‘l va manzillardan izladi. Bilim, malaka, tajriba yo‘lidagi sermehnat ishni bir chekkaga surgan holda nuqul chap cho‘ntagiga oqib kiruvchi boylikni ko‘zladi. U pulning yo‘liga tuzoq solishga qaratilgan harakatini ana shu tariqa boshladi va bu tez orada o‘z natijasini ko‘rsatdi. «Ov» baroridan keldi. Ana shunday kunlarning birida fuqaro M. Matchonova uning huzuriga keldi. Muddaosi: qaynukasi G‘. Ro‘zimatovni dastavval aqli zaiflar, so‘ngra esa, nogironlar safiga qo‘shib, chinakam nafaqaxo‘rga aylantirishdan iborat ekan.

«Shifokor» mijoziga bu yo‘l qaltis va boshi berk ekanligini eslatmadi, kasbi taqozo etgan burch va majburiyatlarni unutdi.

Aksincha, mijozining yo‘liga peshvoz chiqib, ishning chiqim va sarfu xarajatlaridan gap ochdi. Allakimlarga pora sifatida uzatish haqidagi dastakni pesh qildi. Ruhiy xastaliklar shifokorining xizmat xonasi tez orada chinakam «savdo» maydoniga aylandi. Sh. Abdiraimov o‘zining «kamtarin xizmati» va viloyat Ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hamtovoqlariga uzatilajak poraning qiymatini 600 ming so‘m qilib belgiladi. Mijoz uning taklifiga rozi bo‘ldi. Keyinchalik esa, u buncha mablag‘ni qayerdan topishni bilmay boshi qotdi. Oxir-oqibat esa, u o‘ylay-o‘ylay uyiga emas, balki tegishli mahkamaga yo‘l oldi. Bu yerda maxsus kukunlar bilan «zeb» berilgan 600 ming so‘m M. Matchonovaning qo‘liga topshirildi. U pulni qo‘ltiqlagancha, «hojatbaror shifokor» huzuriga yo‘l oldi. Bari xamirdan qil sug‘urganday oson va silliq kechdi. M. Matchonovaning «beminnat tortig‘i» Shuhratboyning chap cho‘ntagidan joy oldi.

Bu mash’um voqea o‘tgan yilning 1 dekabr kuni shifokor uchun belgilangan ish soatlari poyoniga yetar chog‘i ro‘y berdi. Sh. Abdiraimov o‘sha kuni oilasi bag‘riga qaytmadi. Qing‘ir qadami uni tegishli huquq tartiboti mahkamasi tomon yetakladi.

Eslatmoq o‘rinli: ko‘p tarmoqli poliklinikaning ruhiy kasalliklar shifokori mas’ul yoki mansabdor shaxs sanalmaydi. Demak, shifokor Sh. Abdiraimov biron-bir shaxsga nogironlik nafaqasi belgilash vakolatiga ega emas. «Pora» esa, shu ishning tepasida turgan, uning peshini tutgan kishilarga beriladigan nohalol luqma. Bundan ko‘rinadiki, uning qilmishi poradan xoli va odamlarni aldagan, chuv tushirgan, rizqiga ko‘z olaytirgan ko‘yi amalga oshirilgan firibgarlikdan bo‘lak hech narsa emas. Tabiiyki, tergov organi ham shunday xulosaga keldi. Ruhiy kasalliklar shifokorining qilmishi Jinoyat kodeksining firibgarlikka taalluqli 168-moddasi 3-qismi va pora berishga urinishdan iborat 28,211-moddasi 1-qismi bo‘yicha malakalandi.

Qonunning qat’iy so‘roviga duch kelgan boshqa bir fuqaro, urganchlik Bahrom Ro‘zimatovning qilmishi esa, niqoblanmagan haqiqiy firibning o‘zginasi bo‘lib chiqdi.

Ammo bunday qora qilmishga qo‘l urgan kimsa o‘zini firibgar atamasligi turgan gap va bunday dastakni aybi inkor etilmas dalillar asosida tasdiqlangan B. Ro‘zimatov ham pesh qildi. Aybini qisman tan oldi. Qilmishi firibga dalolat qilsa-da, undan tondi. Har ikki so‘zning birida pulni qarzga olganini ta’kidladi. Balki, chindan ham, shundaydir.

Biroq harqalay, qarzning yo‘rig‘i bo‘lak. Olingan pul egasiga belgilangan fursatda qaytsagina qarz hisoblanadi. Basharti, u shu muddatda qaytarilib, ora ochiq qilinmas ekan, uni qarzga yo‘yib bo‘lmaydi. Qarzga deya olingan pulning to‘lovi har xil bahonalar bilan paysalga solinsa, pirovardida esa, tap tortmay o‘zlashtirib yuborilsa, uni firibdan bo‘lak yana nimaga ham yo‘yish mumkin?

… Bahromboy ana shu niyatda 2015 yilning 6 fevral kuni tanishi O. Qurbonovdan oz emas, so‘mga chaqqanda naqd 121,8 million so‘mga teng 50 ming AQSH dollarini «qarz"ga ko‘tardi.

Uning tadbirkorlikka undash, Toshkent shahrida oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kiruvchilar uchun tayyorlov kurslarini ochish, shu yo‘l bilan mo‘may daromad orttirish va olingan pulni ikki oy muddat ichida ancha-muncha ustamasi bilan egasiga qaytarish haqidagi va’dalari puch bo‘lib chiqdi. Oradan salkam to‘rt yil o‘tsa-da, zimmasidagi burchini bajarmadi. «Qarz"ning atigi 11 ming dollarinigina egasiga qaytardi.

Yana bir fuqaro U. Eshchonovning 120 million so‘m miqdoridagi puli esa, 2016 yilning iyun oyi boshlarida B.Ro‘zimatov tomonidan va’da qilingan «xolis xizmat» evaziga qo‘lga kiritildi.

«Hojatbaror» domla ushbu pul evaziga U. Eshchonovning o‘g‘li S. Sobirovni yuqori malakali muallimlar ko‘magida oliy ta’lim muassasasida tahsil olish uchun o‘qishga tayyorlash va talabaligini kafolatlash majburiyatini zimmasiga oldi. Afsuski, talabalikka orzumand yigitning niyati ushalmadi. Oliy o‘quv yurti eshiklari uning uchun ochilmadi. Buni ko‘rgan otaning hasrati esa, osmonga o‘rladi.

Olarning berarini so‘rab, B. Ro‘zimatovni izlashga tushdi. Qani endi, uni topib dardu hasratini to‘kib solsa? Yo‘q, uni topolmadi. «Domla» tutqich bermadi. Shu ketgancha dom-daraksiz yo‘qoldi. Ustamonligu, uddaburrolikni qarang: B. Ro‘zimatov bungacha ham yana bir firibning uddasidan chiqdi. Bir dumalagan ko‘yi o‘qishga kiritishning «garantiyali domlasi"dan binoiyday «advokat"ga aylandi: yo‘lida uchragan S. Tursunovaga o‘zini aynan shunday rutbada tanishtirdi. O‘z oyog‘i bilan yo‘lini kesib chiqqan bunday uddaburon «huquq himoyachisi"ni ko‘rib, suyunganidan esi og‘ayozgan yangi mijoz B. Ro‘zimatovning sazasini yerda qoldirmadi — 5 ming AQSH dollarini o‘z «hojatbarori» ilkiga qo‘shqo‘llab topshirdi. Afsuski, ustomon «advokat» mijozi S. Tursunovaning ozodlikdan mosuvo o‘g‘lini bu achchiq qismatdan xalos etolmadi. O‘g‘lini 10−15 kun ichidayoq ozod qilib, onaizorning bag‘riga qaytarish haqidagi va’dasini bajarishdan, tabiiyki, ojiz qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay S. Tursunovaning bedarak ketgan mo‘maygina puli ortidan yasama advokatning o‘zi ham g‘oyib bo‘ldi.

…Qisqa muddat ichida o‘z mijozlarining milliy valyutamizga chaqqanda jami 260 million so‘mdan ziyodroq miqdordagi pulini firib yo‘li bilan jig‘ildoniga joylagan ko‘yi xilvatga qochib yashiringan B. Ro‘zimatovga nisbatan qidiruv e’lon qilindi. Xorijlik izquvarlar bilan qilingan hamkorlik ish berdi. Qidiruvdagi B. Ro‘zimatov 2018 yilning sentyabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan ushlab kelindi.

… Sudda uning vaj-korsonlariga inonish uchun asos topilmadi. Negaki, sodir etilgan davomli firib amallari hamma joyda mana man deb turibdi va uni jinoiy kirdikordan xoli harakat sifatida izohlashning imkoni yo‘q. Qolaversa, uning firibgarlikka oid qilmishlari bayon etilganlarning o‘zidangina iborat emas. U bungacha ham aynan shunday jirkanch ishga bosh suqib, hali o‘ttiz yoshga yetmayoq Jinoyat kodeksining firibgarlikka oid 168-moddasi, shuningdek, ushbu kodeksning pora berishga suiqasd qilishda ifodalanuvchi 211-moddasi tegishli qismlari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan, faqat amnistiya aktiga muvofiq jazodan ozod qilingan. Uning bu galgi davomli qilmishlarini o‘shanda o‘zi bosh bo‘lib, yuzaga keltirgan mash’um jinoyat zanjirining yana bir halqasi bo‘lib chiqdi.

Shu asnoda firib atalmish jirkanch amalni birmuncha niqoblangan holda namoyon etgan hazorasplik shifokor Sh. Abdiraimov va elning nafratiga «sazovor» bu amalni hammaning ko‘z o‘nggida ochiqchasiga namoyish qilgan B. Ro‘zimatovlar o‘z g‘alamisligining ajrini tortdilar. Garchi Sh. Abdiraimovning qilmishidan pora va poraxo‘rlikning qo‘lansa hidi ro‘y-rost anqigan esa-da (basharti u mansab egasi toifasiga mansub bo‘lganida hech shubhasiz, ushbu aybni yelkalagan bo‘lardi), sud uni Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga qasd qilishdan iborat 168-moddasi 1-qismi (tergov organi uni ushbu moddaning 3-qismi bo‘yicha ayblagani yuqorida zikr etildi) va 28,211-moddasining 1-qismi bo‘yicha aybdor, deb topdi.

B. Ro‘zimatovning aybi esa, ushbu kodeksning 168-moddasi 3-qismi bilan malakalandi. Har ikkala kirdikorga oid jinoyat ishini atroflicha ko‘rib chiqqan dastlabki bosqich sudi Sh. Abdiraimovni oilasi bag‘ridan ajratmagan, B. Ro‘zimatovni esa, muayyan muddatga ozodlikdan mahrum etgan holda qayta tarbiyalashni maqsadga muvofiq, deb topdi.