Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi 25 may kuni mamlakat ichki reyslari uchun ekonom klass chiptalari tariflarini qayta ko‘rib chiqdi.

Kompaniyadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, ekonom klassning eng past tarifi (L turi, ekonom klassda jami 10 ta tur bor) o‘zgarishsiz qoldi, boshqa tariflar (U, S, O, V, T, K, M va B) bo‘yicha chiptalar narxi 1−4 yevroga oshirildi. Eng yuqori tarif (Y) bahosi esa sezilarli darajada — qariyb ikki baravarga ko‘tarildi.

Tariflar qayta rasmiylashtirish va qayta band qilish (yuqori tariflarda stavkalar past), chiptani qaytarish, ochiq sanalarning mavjudligi (past tariflar egallangan bo‘ladi) va boshqa shart-sharoitlar bilan farq qiladi.

«Dunyoning aksariyat aviatashuvchilarida bo‘lgani kabi, chipta narxi bo‘sh yerlar mavjudligi va u yoki bu yo‘nalish bo‘yicha talabga bog‘liq», — deya izoh berdi kompaniya vakili. «Kim barvaqt chipta sotib olsa, u shuncha arzonroq bo‘ladi» tamoyili O‘zbekistonda 2017 yilda xorijiy valyutaning erkin konvertatsiyasi ochilganidan so‘ng joriy etilgan edi. Unga qadar faqatgina ikkita tarif mavjud edi.

Kompaniyadan qo‘shimcha qilishicha, endilikda L, U, S va O kabi past tarif darajalari bo‘yicha ko‘proq joylar sotuvga chiqarilmoqda. Masalan, 25 mayga qadar ichki reyslarda L, U, S va O past tariflari bo‘yicha 20 ga yaqin joy ajratilgan bo‘lsa, endilikda xuddi shu L, U, S va O tariflari bo‘yicha 70 ta joy ajratilmoqda.

Uzbekistan Airways bir necha misollar keltirdi: Toshkent-Samarqand reysida L tarifi bo‘yicha 5 tagacha o‘rin 10 yevrodan sotilgan bo‘lsa, endilikda xuddi shu narxda 10 ta joy sotilmoqda. U tarifi bo‘yicha 5 ta joy 11 yevrodan, hozirda — 10 ta joy 12 yevrodan sotilmoqda. Eng qimmat Y tarifi narxi esa 31 yevrodan 56 yevroga qadar ko‘tarildi.

Kompaniya tariflarning qayta ko‘rib chiqilishini yoqilg‘i-moylash materiallari narxlari ko‘tarilishi munosabati bilan ekspluatatsiya xarajatlarining oshgani bilan izohladi. 2017 yil bilan taqqoslanganda, chiptalar narxlari mahalliy yo‘nalishlarda masofadan kelib chiqqan holda 14−32 foizga qimmatlashdi. Bu vaqt davomida reyslar soni kamaydi, biroq tashilgan yo‘lovchilar soni oshdi.