Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida Janubiy Koreyaning NCG Engineerring Co.ltd. kompaniyasi hamkorligida bunyod etilayotgan yangi sement zavodiga dastlabki tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ko‘xitang tog‘lari bag‘ridagi noyob qurilish xom ashyosiga boy hududda barpo etilayotgan yirik sement zavodining loyiha qiymati 170 million AQSH dollari bo‘lib, sarmoyadorlar uni 2021 yilda foydalanishga topshirishni mo‘ljallamoqda. Korxona ishga tushishi bilan yiliga bir million tonna portlandsement ishlab chiqariladi. Asosiysi, tog‘li qishloqlarda yashaydigan to‘rt yuzdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida barpo etilgan qator yirik korxonalarda raqobatbardosh turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishga salmoqli ulush qo‘shmoqda.

Janubiy Koreya investorlarining mazkur tumandagi yirik sement zaxirasiga katta qiziqish bildirdi. Yangi zavod Sherobodda ular bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ikkinchi korxona bo‘lib, tumanda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston-Janubiy Koreya «Agroximat-Shingdong» qo‘shma korxonasida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda Ko‘xitang hududida «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati tomonidan qurilib, ishga tushirilgan zamonaviy korxonada ham yirik miqdorda portlandsement ishlab chiqarilmoqda. Ushbu zavodda tayyorlanayotgan qurilish uchun mahsulotning bir qismi Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilinayotir.

Mutaxassislarning fikricha, koreyalik tadbirkorlar hamkorligida qad rostlayotgan navbatdagi korxona mahsulotining mahalliy bozordan ortiq qismini ham chet ellik buyurtmachilarga yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu nafaqat, janubdagi viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Zamonaviy yangi korxonaga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Janubiy Koreyaning NCG Engineerring Co.ltd. kompaniyasi bosh direktori Jang Il Kveon so‘zga chiqdi.