Xalq deputatlari Quva tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat G‘aniyev olib bordi. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida xabar berildi.

Sessiya ishiga deputatlar, tumandagi korxona, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari, faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildilar.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Halimjon Umarovni Quva tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi, ilgari Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Ravshan Qurbonovni Quva tumani hokimi etib tayinlash haqidagi viloyat hokimining qarorlari deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Muzokaralarda «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Z.Ashurov, «Farg‘ona anorchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi M.Sayfitdinova, xalq deputatlari Quva tumani Kengashi deputati, Qayirma mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S.Malikova so‘zga chiqib, uning nomzodini qo‘llab-quvvatladilar.