22 may kuni «Gazeta.uz» orqali Komil Jalilovning «DTM direktoriga o‘qituvchining ochiq xati» nomli maqolasi rus tilida e’lon qilingan edi. Mazkur maqolaga DTM javob qaytardi. Ushbu murojaatni to‘liqligicha o‘qishingiz mumkin.

Taraqqiyot eng avvalo ta’lim tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq. Zero, ta’limdagi islohotlar taraqqiyotga zamin yaratadi. Mamlakatimizda bu sohada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday jarayonlarga guvoh bo‘lish, hissa qo‘shish, yorqin kelajakni his etish o‘zgacha quvonch bag‘ishlaydi. Test tizimi ham bundan mustasno emas.

Ha, to‘g‘ri, avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlari kamchiliklardan xoli bo‘lmagan. Achinarlisi, bularni tayyorgarlik ishlari doirasida test topshiriqlarini tuzish, ularning bazasini shakllantirish, test sinovlarini o‘tkazishda ko‘rish mumkin edi. Quvonarlisi esa, bugungi kunda 2017−2019 yillarda davlatimiz tomonidan test tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan o‘ta muhim qarorlar asosida kiritilgan o‘zgarishlar, joriy etilgan yangiliklar evaziga ana shunday muammolar bartaraf qilindi. Avvallari kuzatilmagan zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, umuman mazkur sohadagi islohotlar yuqori darajaga ko‘tarildi. Bugungi kunda ham test tizimini takomillashtirish ishlari to‘xtab qolgan emas.

Biror sohani rivojlantirishda faqat uning kamchiliklari (agar mavjud bo‘lsa) haqida bong urish emas, aksincha, shu kamchiliklarni bartaraf etishda o‘z hissasini qo‘shishi to‘g‘ri bo‘ladi. Biroq hamma vaqt ham shunday bo‘lavermas ekan.

Shu yili 22 may kuni «Gazeta.uz"da K.Jalilovning «Davlat test markazi direktoriga ochiq xat"i e’lon qilindi. Ushbu ochiq xat mazmuni bilan tanishgan mushtariy ishonuvchanligi bois, holatni shunday ekan deb qabul qilishi mumkin. Buni ochiq xatga berilgan sharhlardan bilsa bo‘ladi. Keling, endi maqolamizning sarlavhasi sifatida keltirilgan savolga javob bersak.

Ochiq xatda masala test topshiriqlarining validligi bilan boshlanganligini hisobga olib, biz ham shundan boshlaymiz. Ma’lumki, testning validlik darajasini aniqlash kriterial validlik va mazmuniy validlikni ta’minlash orqali amalga oshiriladi.

Kriterial validlik test natijalarini hamda mustaqil, erkin holda olingan ko‘rsatkichlar (ekspertlarning fikr-mulohazalari, validligi aniqlangan boshqa testlarning natijalari)ni taqqoslash asosida aniqlanadi. Korrelyatsiya koeffitsiyentlari yordamida hisoblab chiqariladi.

Mazmuni bo‘yicha validlikni ta’minlash uchun test topshiriqlari o‘quv dasturining barcha jihatlarini qay darajada va to‘g‘ri mutanosiblikda qamrab olishini muntazam tekshirib borish bilan amalga oshiriladi. Pedagogik testlar sifatli bo‘lishi uchun ularning topshiriqlarini (vazifalarini) tayyorlashdan oldin tegishli darsliklar va o‘quv dasturlari to‘liq tizimli tekshiriladi, shuningdek ushbu fan bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashiladi. Shu yo‘l bilan to‘plangan axborot asosida topshiriqlarni tayyorlovchi shaxslar uchun test tafsiloti (spetsifikatsiyasi) tuziladi.

Yana shuni ham alohida qayd etish kerakki, test validligini ta’minlashning ishonchli vositasi bo‘lgan test materiallarini ekspert baholash qo‘llaniladi. Amalda Davlat test markazi ekspert baholashda fan bo‘yicha xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim tizimidan tavsiya etilgan malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar xizmatidan foydalanadi.

Pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish, test topshiriqlar xarakteristikasini yaxshilash maqsadida yaratilayotgan testlar sifati ilmiy asoslash jarayonidan o‘tkaziladi. Bu jarayon matematik-statistika apparatiga asoslanadi.

Bunda xodimlar Xalqlar do‘stligi Rossiya universitetining «Uzluksiz pedagogik ta’lim instituti» tomonidan o‘tkazilgan «Pedagogik o‘lchovlar nazariyasi asosida testologlar tayyorlash» dasturi asosida qo‘shimcha kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha malaka oshirib, olgan bilimlari va o‘rgangan usullari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordilar.

Testologiya va pedagogik o‘lchovlarning nazariy asoslariga ko‘ra har bir o‘quv fani bo‘yicha tuzilgan test topshiriqlari mazmuni ekspert tekshiruvidan o‘tkazilgandan keyingi bosqichda sinaluvchilarning reprezentativ (vakolatli) tanlanmasida aprobatsiyadan o‘tkazilgan, uning natijalari asosida testlarning xususiyatlari sifatini tashhislash uchun test topshiriqlariga qo‘yilgan asosiy talablarning ko‘rsatkichlari aniqlangan va baholangan.

Bunda test topshiriqlarining ishonchliligi (tashhislovchi o‘lchovlarning aniqligini, shuningdek test natijalarining begona tasodifiy omillar ta’siriga nisbatan barqarorligi), validligi (topshiriqdan test sifatida foydalanish ehtimolligi; topshiriqning maqsadga muvofiqligi), haqiqiy qiyinlik darajasi, distraktorlari (chalg‘ituvchi muqobil javoblar), shuningdek, test topshiriqlarining diskriminativligi (turlicha bilim, qobiliyat darajalariga ega bo‘lgan sinaluvchi shaxslarni farqlash), topshiriqlar mazmunining gomogenlik (aniq bir fan bo‘yicha tayyorgarlik darajasini tekshirishga yo‘naltirilganlik) xossasi, shuningdek, test ballari (yoki to‘g‘ri javoblar)ning variatsiyasi orqali test topshiruvchilarning tayyorgarlik darajasini aniqlash, biladiganlarni bilmaydigandan ajratish tadqiq etilgan va tashhislangan.

Ma’lumotlarni matematik-statistik qayta ishlash maxsus SPSS («Statistical Package for the Social Sciences») ijtimoiy fanlar uchun statistik dasturi yordamida amalga oshirilgan.

Testologiya va pedagogik o‘lchovlar bo‘yicha mavjud ilmiy ishlarni o‘rganish natijasi test topshirig‘i qiyinligini baholash uchun turlicha shkalalar tanlanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shulardan, ko‘p hollarda qo‘llaniladigan aprior (nazariy) shkalalardan birini etalon deb qaraldi. Yanada aniqroq natijalarni olish uchun test topshiriqlari varianti bo‘yicha eng kam va eng ko‘p to‘plangan ballarni inobatga olgan holda aposterior (haqiqiy) shkala tanlandi.

Ushbu yondoshuv asosida fanlar bo‘yicha har bir variant topshiriqlari uchun nazariy — etalon shkala bo‘yicha qiyinlik darajasi Vestheor va aprobatsiya natijasi asosida aposterior (real) qiyinlik darajasi Vesapost aniqlandi va mutaxassis-ekspertlar tomonidan dastlab belgilangan qiyinlik darajasi (3-qiyin, 2-o‘rtacha qiyinlikda, 1-oson) Ves, nazariy qiyinlik darajasi Vestheorva aprobatsiya natijasi asosida aniqlangan aposterior qiyinlik darajasi Vesapostning o‘zaro taqqoslama jadvallari ishlab chiqildi.

Eslatish joizki, Davlat test markazining amaldagi tashkiliy tuzilmasida testologiya, pedagogik o‘lchovlar va ilmiy-metodik ishlarni olib borish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Ushbu bo‘lim tomonidan pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish, test topshiriqlar xarakteristikasini yaxshilash maqsadida test topshiriqlariga qo‘yilgan asosiy talablarning ko‘rsatkichlari — ishonchliligi,validligi, haqiqiy qiyinlik darajasi, distraktorlari, diskriminativligi,gomogenlik xossasi, test topshiruvchilarning tayyorgarlik darajasi tadqiq qilinmoqda va baholanmoqda.

Statistik tahlil ma’lumotlari asosida test topshiriqlarini takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, ular fan mutaxassislari va ekspertlar tomonidan o‘rganildi, tahlil qilindi va tegishli o‘zgartirishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2019−2020 o‘quv yili qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari aprobatsiyasi natijalari asosida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida topshiriqlarning 12,7%da validlik, 7,6%da ishonchlilik, 14,5%da distraktorlar bo‘yicha kamchiliklar, xatoliklar to‘g‘rilangan. To‘g‘ri javoblar foizi ayrim distraktorlarga berilgan javoblar foizidan kam bo‘lgan test topshiriqlarining 6,4%da o‘zgartirishlar qilingan. Qiyinlik darajasi bo‘yicha tavsiyalarda ko‘rsatilgan test topshiriqlarining 33,3%da o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ko‘rsatilgan tavsiyalar asosida barcha fanlardan tuzilgan test topshiriqlarida aniqlangan kamchilik va xatoliklar tuzatilgan. Natijada fanlardan tuzilgan yangi test topshiriqlarining sifat ko‘rsatkichlari oshgan, takomillashtirilgan.

Olib borilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha 2018−2019 yillarda 6 maqola chop etilgan. Ulardan 2 tasi test topshiriqlarining sifat ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan (M.Zakirova, «Axborotnoma» jurnalining 2018 yil 2(1)-maxsus sonida «Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlarini takomillashtirish natijalari haqida» va «Ma’rifat» gazetasining 2018 yil 25 iyul sonida «Test savollari qanday tuzildi?» nomli maqolalar).

Shu bilan birgalikda, tajribadan kelib chiqqan holda Davlat test markazi xodimlari tomonidan «Pedagogik o‘lchovlar nazariyasi asoslari», «Pedagogik o‘lchovlarda test topshiriq turlari» va «Test tuzish metodikasi va ekspertizasi» mavzusida uslubiy qo‘llanmalar chop etilgan va respublikamizdagi 16 ta pedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalarida foydalanilmoqda.

Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatlarga keladigan bo‘lsak, keling eng avval imtiyoz bu nima ekanligiga aniqlik kiritib olsak.

Imtiyoz — muayyan afzallik, qo‘shimcha huquqlar, belgilangan qoidalarni, majburiyatlarni to‘liq yoki qisman ozod qilish yoki ularni amalga oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish.

K.Jalilov o‘z murojaatida keltirib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 395-son qarorining 2-bandida belgilangan, ya’ni, 2020−2021 o‘quv yilidan boshlab test sinovlari majmuasiga chet tili kiritilgan barcha bakalavriat yo‘nalishlariga hujjat topshirgan hamda V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro baholash tizimlari sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlar chet tili fanidan ozod etilishi va unga maksimal ball berilishi belgilab qo‘yilgan.

Demak, abituriyent V2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa, u belgilangan test sinovlari majmuasidagi majburiy chet tili fani testini topshirmaydi va unga maksimal ball beriladi. Agarda yuqorida ko‘rsatilgan «imtiyoz» so‘zi ma’nosi bilan solishtirsak, abituriyent belgilangan darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa unga imtiyoz berilmoqda.

Keyingi masalaga o‘tadigan bo‘lsak, nima sababdan V2?

Jahon tajribasida V2 darajadan past bo‘lgan sertifikatga ega bo‘lgan talabgorlarga nafaqat imtiyoz, balki shu oliy ta’lim muassasasida o‘qishga ruxsat ham berilmaydi. To‘g‘ri, V2 darajaga ega bo‘lgan talabgor shu chet tilida seminar, leksiyalarni tushunishi, kurs ishlarini yozishda materiallardan foydalanish mumkin va shu sababdan ularda eng kami bilan V2 darajasi talab qilinadi.

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga keladigan bo‘lsak, V2 darajaga ega bo‘lgan abituriyent chet tilini bilish darajasi boshqalardan bir pog‘onaga yuqori ekanligini ko‘rsatadi va u oliy ta’lim muassasaalariga kirish imtihonlarida V1 darajadagi testlarni topshirishda ozod etiladi. V2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan talabgor o‘qish davrida nafaqat ona tilisidagi materiallardan, balki xalqaro tadqiqot institutlari va mutaxassislar ishlari bilan tanishishi, o‘z kurs ishlarini shu ilmiy ishlarga yoki maqolalarga tayanib yozish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Buning nimasi yomon?

Agarda talabgor, V2 darajada chet tilini bilmasa, u oliy ta’lim muassasaalariga kirish imtihonlarida barcha abituriyentlar bilan birga, V1 darajadagi test topshiriqlarini yechish imkoniyati mavjud. Alohida ta’kidlash lozimki, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatni olish abituriyent uchun majburiy emas, ixtiyoriy. Hech kim abituriyentni sertifikat olishga majburlamayapti. O‘z bilimiga ishonganlar sinovlarda ishtirok etib sertifikat olishi, bu bilan imtiyozga ega bo‘lishi mumkin.

Ushbu masalalar bilan birga, K.Jalilov test sinovi topshiriladigan fanlarni 2 guruhga bo‘lish, ya’ni 3 ta majburiy fanlarni kiritishni oqlamagan. U kishining fikricha, majburiy fanlar sifatida kiritilayotgan «Ona tili», «Matematika», «O‘zbekiston tarixi"dan bolalar maktab davridayoq imtihon topshirib bo‘ladi, shuning uchun ularni kiritish kerak emas. Lekin buning ikkinchi tomoni ham bor — agar abituriyent bu fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa, umumiy savodxonlik darajasidagi bilimini sinashning nimasi yomon, aksincha, bu abituriyentga yanada kengroq imkoniyat bermaydimi, oson savollarga javob berib, ko‘proq ball to‘plashi mumkin-ku?!

Shuningdek, 5 ta fandan test topshirishning test topshiruvchiga ruhiy ta’siriga kelsak, e’tirof etish kerakki, ushbu yangilikni kiritishdan oldin ta’lim va tibbiy sohalari mutaxassislari fikrlari inobatga olingan.

Aslida joriy yil va kelgusi o‘quv yilidan boshlab kiritilayotgan yangiliklarga oid qaror loyihasi umumxalq muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga qo‘yilgan edi. Bu davrda jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar inobatga olingan. E’tibor qilsak, muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasi va qabul qilingan qaror matni bir-biridan farq qiladi. Jumladan, ta’lim muassaalarini oldingi yillarda bitirganlar uchun to‘lov miqdori eng kam ish haqining bir barobaridan yarim barobarga tushirilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali olib borish uchun juda ajoyib imkoniyatlar yaratilgan va ular qo‘llab-quvvatlanib, yetarli shart-sharoit va imtiyozlar ham yaratilgan. Alohida qayd etish kerakki, K.Jalilovning kuyunchakligini, oliy ta’lim muassasalariga kiruvchilar uchun jon kuydirayotganini olqishlasa bo‘ladi, lekin gap qog‘ozda gapligicha qolishi aniq, toki u bo‘yicha amaliy ishlar qilinmasa. Agar shu o‘rinda muallif bir mavzuda ketma-ket va davomli maqolalar yozishga berilmasdan, maqolada ko‘rsatib o‘tilgan testologiya sohasidagi kamchiliklarini bartaraf etish, mazkur sohani tubdan o‘zgartirish, ilmiy va sifat jihatdan yuksaltirish yo‘liga kirib, mukammal yechimlarni joriy etishdek tayanch vazifani amalga oshiruvchi nodavlat tashkilot tashkil etsa ayni muddao bo‘lar edi. Aynan ushbu tashkilot faoliyati orqali testologiya sohasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini qanday olib borish, shuningdek qay tarzda test topshiriqlarini xalqaro talablarga asosan shakllantirishni faqat tanqid bilan emas, balki amalda ko‘rsatib bergan bo‘lardi. Davlat test markazi bu borada o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vakolati doirasida bajarib kelmoqda. Testologiya, pedagogik o‘lchovlar sohasi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tatbiq etish borasida «Oxford University Press», «Cambridge Assessment International Education», Toshkentda Gyote instituti, Rossiya Federatsiyasining Pedagogik o‘lchovlar instituti kabi jahonda yuqori nufuzga ega xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Ayni paytda Davlat test markazi yangi tuzilgan test topshiriqlarining ma’lum qismini o‘zining «Axborotnoma» jurnali, rasmiy veb-sayti orqali ochiq tarzda e’lon qilib bormoqda va abituriyentlarning tayyorgarlik ko‘rishlariga qaratilgan diagnostik test sinovlari jarayonlarida ishlatmoqda. Faoliyatning ochiqligini ta’minlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan boshlab Davlat test markazida mavjud test topshiriqlari bazasini jamoatchilik uchun ochib qo‘yish rejalashtirildi. Test topshiriqlari xoh avvalgi yillarda tuzilgan bo‘lsin, xoh joriy yilda tuzilgan yangilari bo‘lsin, mantiqiy savollar bo‘lsin, barchasi ochiq bo‘ladi. Test topshiriqlari bilan tanishmoqchi, tahlil qilmoqchi bo‘lgan barcha istovchilar bazaga kirishi, test topshiriqlarini o‘rganishi, fikr-mulohazasini va takliflarini qoldirishi, umumiy munosabat bildirishi mumkin bo‘ladi. Bu oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagidagi abituriyentlarga tayyorgarlik ko‘rishda yaqindan yordam beradi.