Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Termiz kargo eksport markazida «O‘zbekiston — Afg‘oniston» chegaraoldi savdo zonasi ochildi. Uning ochilishi o‘zbek-afg‘on biznes forumi doirasida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Chegaraoldi savdo zonasida qo‘shni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratildi: bojxona terminali, mehmonxona, restoran va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari. Hujjatlar «Bir darcha» tamoyili asosida taqdim etiladi.

Bu yerdagi pavilonlarda yon qo‘shni davlat uchun oziq-ovqat, yengil, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish, avtomobilsozlik va boshqa sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan uch yuz turdan ortiq tayyor mahsulot ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

O‘tgan yili viloyatda Afg‘oniston kapitali asosida umumiy qiymati 7,3 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 6,6 million dollar miqdoridagi xorij investitsiyasi jalb etildi. 2019−2020 yillarda afg‘onistonlik ishbilarmonlar hamkorligida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya ishtirokida umumiy qiymati 30 million dollarlik 14 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda, deyiladi xabarda.