O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktab bitiruvchilari, ularning ota-onalari va pedagoglarni maktabni tamomlayotganlari bilan tabrikladi.

«Bugun respublikamizdagi barcha maktablarda „So‘nggi qo‘ng‘iroq“ yangrab, 279 ming nafar o‘quvchilarimiz 11 yillik ta’lim tizimiga qayta o‘tganimizdan keyingi ilk bitiruvchilarga aylanadilar. Ularning hayotida yangi sahifa ochilib, katta hayotga uchirma bo‘lishadi», — deyiladi vazirning Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan tabrigida.

Sherzod Shermatov bitiruvchilarga murojaat qilar ekan: «Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o‘tirgan, bir oila a’zolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo‘ladi», — dedi.

«Qayerda bo‘lmang, maktab partasida olgan bilimlaringiz sizga qo‘l kelishiga, kelgusida ularni yanada mustahkamlab borishingizga umid qilaman. Vatanimiz rivoji uchun o‘z hissangizni qo‘shishingizga aminman», — dedi vazir.

Sherzod Shermatov prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida xalq ta’limi tizimida katta islohotlar davri boshlanganini, shuningdek, hali oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan ulkan vazifalar ko‘p ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi dasturilamal bo‘ladi.

XTV matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 25 may kuni vazir o‘zi o‘qigan Toshkentning Olmazor tumanidagi 22-maktabda o‘quv yili yakunlanayotganiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.