2019 yil 24 may kuni Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi o‘rnatildi.

Mazkur tartibga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga:

tijorat banklarining eksportoldi kreditlari, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 10 foizlik punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi, biroq 4 foizlik punktdan oshmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etadi;

tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan, eksportoldi kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 4 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.

2019−2020 yillar davomida ushbu bandda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotlarni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Qaror bilan Eksportni rag‘batlantirish agentligi mahsulotni eksportga tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Davlat byudjetining mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumda tayyor mahsulot eksporti ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga ularning arizalariga ko‘ra eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, butlovchi buyumlar va materiallar importida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashni bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 120 kunga kechiktirish imkoniyati berildi.

2019 yil 1 iyundan boshlab tirik holdagi tovuq, quyon va baliq hamda ularni so‘yib ishlangan mahsulotlar eksporti uchun prezident yoki hukumat ruxsati talab qilinmaydi.

Shuningdek, qaror bilan «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining ustav kapitali uning o‘z kapitali hisobiga 221,6 milliard so‘mgacha ko‘paytirildi hamda kompaniyada eksportoldi va eksport sug‘urtasi masalalari bo‘yicha bosh direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

2019 yil 1 avgustgacha Tashqi iqtisodiy ma’lumotlar portali yaratiladi. Mazkur portal orqali tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat xizmatlari interaktiv shaklda taqdim etilib, unda davlat tili, rus tili va boshqa xorijiy tillarda batafsil ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati ta’minlanadi.