O‘zbekistonda oynalari texnik qoidalarga mos kelmagan yoki tegishli ruxsatsiz ko‘zgusimon yoki qoraytirilgan, shuningdek, haydovchi o‘rnining ko‘rinarligini cheklovchi qo‘shimcha vositalar o‘rnatilgan transport vositalaridan foydalanganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi.

Prezident 23 may kuni imzolagan va 24 may kuni kuchga kirgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan tuzatishga muvofiq, endilikda jarima miqdori eng kam ish haqining 25 baravarini tashkil etadi (bunga qadar 1 EKIH edi).

Xuddi shunday qoidabuzarlik ma’muriy chora qo‘llanilgandan so‘ng bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori EKIHning 40 baravarini (avval — 2 EKIH) tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 avgustidan oynalari qoraytirilgan yengil avtomobillardan foydalanishga ruxsat berildi. Oynalarni qoraytirishga ruxsat berish qiymati jismoniy shaxslar uchun EKIHning 90 baravari, yuridik shaxslar uchun EKIHning 120 baravari va chet el yuridik shaxslari uchun EKIHning 140 baravari etib belgilandi.