Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, endilikda to‘xtash chizig‘ini bosib kirganlik uchun «qizil"da o‘tganlikdagi kabi jarimaga tortilmaydi. O‘zbekiston prezidenti 23 may kuni ushbu o‘zgartishni ko‘zda tutgan qonunni imzoladi. Mazkur qonun 24 maydan kuchga kirdi.

Yangilangan 128−4-moddaga ko‘ra (endilikda u «Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini» deb nomlanadi), svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida yo‘lning qatnov qismidagi yo‘l chiziqlari yoki yo‘l belgilari bilan belgilangan to‘xtash chizig‘ini bosib kirish, — eng kam ish haqining ikkidan bir (0,5) baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi uchun jarima esa o‘zgarishsiz qoldi — eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida. Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Ayni shu huquqbuzarlik ma’muriy jazo ikki marta qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.