O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev 9 iyun kuni o‘zining professional boksdagi o‘n yettinchi jangini o‘tkazishi haqida xabar bergan edik. Ayni paytga kelib, Moskvada kechadigan mazkur boks kechasida unga kim raqiblik qilishi aniqlandi. Bu haqda MOQ xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ergashevning galdagi raqibi puerto-rikolik Danielito Zorrilla bo‘ladi. Ushbu bokschi shu paytgacha 11 bor ringga ko‘tarilgan va barchasida g‘alaba qozongan. Janglarning 9 tasida esa raqiblarini nokautga uchratgan.

Ta’kidlash joiz, avvalroq Shohjahon amerikalik bokschiga qarshi bahs olib borishi haqida aytgandi. Biroq kelishuv amalga oshmagach, ushbu raqib varianti tanlandi.