Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Shofirkon tuman sudi binosida 8-sinfda o‘qiydigan qizga nisbatan, qilgan o‘g‘irlik jinoyati sabab hukm o‘qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi raisi Jamolbek Jumaniyozov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Voyaga yetmagan Sh. Normurodova (ism-shariflar o‘zgartirilgan), 2017 yil 30 iyul kuni taxminan soat 9−40 larda Buxoro shahar «Piridastgir» ko‘chasida joylashgan «BAZAR» nomli kiyim kechaklar sotiladigan do‘konga mijoz sifatida kirib, u yerda sotuvchi bo‘lib ishlaydigan Z. Tilovovaning savdo ishlari bilan band bo‘lganidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan bahosi 1 000 000 so‘mlik «Samsung Galaxy Grand Prime» rusumli uyali telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

Sud majlisida qonuniy vakili va advokati ishtirokida so‘roq qilingan voyaga yetmagan sudlanuvchi Sh. Normurodova aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, 2017 yil taxminan iyul oyining oxirlarida onasi F. Normurodova bilan tortishib uyidan chiqqanini va avtovokzaldan mashinaga minib Farg‘ona shahridan Buxoro shahriga kelgan. Buxoroga kelganida yonida pul qolmaganligi sababli biror kishini aldab pulini olishni rejalashtirib, Buxoro shahridagi «BAZAR» nomli kiyim kechaklar sotiladigan do‘konga kiradi. U yerda keyinchalik ismini bilgan Zilola ismli qizi savdo qilayotganligini ko‘rib, uni o‘zi ham sotiladigan narsalarni tomosha qila boshlaydi. Ziloladan ushbu narsalarni narxini so‘rab, turmush o‘rtog‘i bilan yangi uy sotib olganligini, turmush o‘rtog‘i harbiy qismda ishlashini, farzandlariga kiyim-kechak olishi kerakligini, turmush o‘rtog‘i maosh olganidan keyin pulini berishini, xozirda o‘zini tilla taqinchoqlarini garov sifatida qoldirishini aytgan.

Zilola uning gaplariga ishonib rozi bo‘lgan. So‘ng u 2 dona ayollar lasinkasi, 3 juft ayollar tuflisi, 6 dona ayollar ichki kiyimi, 3 dona ayollar kuylagi, 1 dona bolalar uchun mayka-shortik, 1 dona ayollar koftasi, 1 dona ayollar yubkasi, 6 dona katta sochiq, 6 dona kichik sochiq, 2 dona erkaklar futbolkasi, 4 dona erkaklar trusigi, 3 dona erkaklar maykasi hamda bolalar uchun narsalar, jami 2 350 000 so‘mlik kiyim-kechaklar sotib olib, o‘zini bo‘ynidagi tilla zanjirini Zilolaga bergan va o‘zini noma’lum bo‘lgan telefon raqamini Zilolaga qoldirgan. Shu payt uni ko‘zi stol ustida turgan «Samsung Galaxy» rusumli telefon apparatiga tushib, ushbu telefon apparatini Zilolaga bildirmasdan olib, tashqariga chiqqan, so‘ng u yo‘lovchi avtobusiga minib, avtovakzalga borgan va yo‘lovchi mashinasi orqali uyiga yetib borgan.

Uyga kelganidan so‘ng Ziloladan olib kelgan narsa va buyumlarni uyiga qo‘ymasdan qarindoshlariga sovg‘a tariqasida bergan, uyali telefonni ehtiyotsizligi tufayli Buxorodan Farg‘onaga borishda yo‘lda yo‘qotib qo‘ygan. Sud zalida Sh. Normurodova jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni tez kunda ishlab qaytarishini, hozirda qilmishini tushunib yetganligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligi haqida ko‘rsatuv berib, uning yoshligini inobatga olib unga nisbatan qonuniy yengillik qilishni so‘radi.

Sud jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni undirish va ashyoviy dalillarni keyingi taqdirini muhokama qilib:

- sudlanuvchi Sh. Normurodovadan jinoyat natijasida yetkazilgan zararning qoplanmagani sifatida 2 850 000 so‘m pul mablag‘ini xukm qonuniy kuchga kirgach jabrlanuvchi Z. Tilovovaga undirishni lozim topdi.

Sh. Normurodova O‘zbekiston Respublikasi JK 169-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu moddaga asosan 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.