O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi «Gazeta.uz» iltimosi bilan OAVDa e’lon qilingan XTV maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha qat’iy qoidalarni joriy etgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.

Vazirlik 20 may kuni Telegram-kanalida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qilgan edi. Jumladan, tadbirni 1−11-sinf o‘quvchilari uun 25 may kuni ertalab soat 8:00 da o‘tkazish va unda bitiruvchi o‘quvchilarning maktab formasidan tashqari, turli liboslarni kiyishi hamda lentalar taqib olishining oldini olish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini o‘tkazishda bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘lari yig‘ilishi qat’iyan taqiqlanadi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.k.da banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Mazkur tavsiyalar o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va turli tadbirlar, kiyim atributlari uchun noqonuniy ravishda pul mablag‘lari yig‘ilishining oldini olish uchun ishlab chiqilgan», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Ushbu tavsiyalar maktablar ma’muriyatlari uchun mo‘ljallangan. Jumladan, direktor va o‘qituvchilar «So‘nggi qo‘ng‘iroq» bilan bog‘liq tadbirlar, shuningdek kiyim va atributlar sotib olish uchun pul mablag‘larini yig‘ishda ishtirok etmaydi.

«Maktab vakillari tomonidan pul yig‘ilishi ota-onalarning noroziligini keltirib chiqarmoqda», — deya izoh berdi matbuot xizmati.

Ayni vaqtda, XTV vakili odamlar huquqlarini cheklash vazirlik vakolatiga kirmasligini ham ta’kidlab o‘tdi.

«O‘quvchilar ota-onalari ishtirokida tashkiliy jarayonlarga maktab vakillarini jalb etmasdan, pul berishga imkoni bo‘lmagan o‘quvchilar, ota-onalarni majburlamagan holda o‘z xohishlari bilan qo‘shimcha tadbirlarni o‘tkazishlari mumkin», — deya ma’lum qilindi matbuot xizmatidan.