Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori bilan bir qator vazifalar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Ular quyidagilar:

2019−2025 yillarda mahalliy xomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirish prognoz ko‘rsatkichlari;

2019−2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari.

Mazkur ko‘rsatkichlar doirasida ohaktosh ishlab chiqarish 13,1 mln tonnaga, gips toshi 1,8 mln tonnaga, tosh-shag‘al esa 5,6 mln metr kubga yetkaziladi.

Shuningdek, oboy ishlab chiqarish 47 barobarga, armatura ishlab chiqarish 3 barobarga va sement ishlab chiqarish 2 barobarga oshiriladi.

2019 yil 1 iyuldan:

mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport mahsulotini sertifikatlashtirish xarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;

tadbirkorlarning soliqqa tortish bazasi besh yilda teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘ladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish xarajatlari miqdoriga miqdorga kamaytiriladi;

texnogen mineral hosilalar haqidagi ma’lumotlar tadbirkorlarga bepul beriladi.

Qurilish materiallari sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2019−2021 yillarda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning 500 mln dollaridan kam bo‘lmagan imtiyozli kreditlari jalb qilinadi.

2019/2020 o‘quv yilidan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti va Farg‘ona politexnika institutida quyidagi yo‘nalishlar ochiladi:

  • «Qurilish materiallari, buyumlari va qurilmalarini ishlab chiqarish texnologiyalari»;
  • «Yig‘ma temirbeton, beton qurilmalar va buyumlarni ishlab chiqarish»;
  • «Materialshunoslik va yangi turdagi qurilish materiallari texnologiyasi (turlari bo‘yicha)»;
  • «Devorbop va pardozbop qurilish materiallari texnologiyasi».