2019 yil 23 may kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

«Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, prokuror endilikda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning ham noqonuniy qarorlarini bekor qilish hamda surishtiruv muddatini uzaytirish huquqiga ega.

Surishtiruvchi lavozimiga ham prokuror va tergovchi uchun qo‘yilgan talablarga javob beradigan fuqarolar, ya’ni oliy yuridik ma’lumotga ega, zarur kasbiy fazilatlari bo‘lgan, zimmalariga yuklanadigan xizmat vazifalarini bajarishga sog‘lig‘i imkon beradiganlar tayinlanadi.

Endilikda, tergov harakatlari shaxslarni turgan joyidagi huquqni muhofaza qilish organlariga keltirgan holatda videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin.

Tergovni videokonferensaloqa orqali o‘tkazishga quyidagilar asos bo‘ladi:

  • shaxsning tergovga sog‘lig‘i yoki boshqa uzrli sababga ko‘ra borolmasligi;
  • jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini taminlash zarurati tug‘ilganda;
  • kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari o‘tkazilganda;
  • tergov o‘tkazish qiyinlashishi va ortiqcha xarajatlar chiqarishi mumkinligi haqida asoslar bo‘lganida.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘ldi.