2019 yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi yetib tayinlangan Kan Chje Kvonni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ishonch yorliqlari nusxalarini topshirishga bag‘ishlangan qisqa marosimdan so‘ng vazir elchini O‘zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi hamda unga yuqori va mas’uliyatli lavozimda muvaffaqiyat tiladi.

Bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi prezidentlarining 2017 yil noyabr oyida Seuldagi va 2019 yilning aprel oyida Toshkentdagi sermahsul uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish masalalariga hamda turli soha va shakllardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi xalqlari farovonligi yo‘lida alohida strategik sheriklik va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning an’anaviy yuqori darajasi saqlab qolinishiga hamda mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.