O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi «Umumta’lim maktab o‘quvchilarining ingliz tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha barqaror kompyuterlashtirilgan baholash tizimini joriy etish loyihasi"ni amalga oshirmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha kompyuterlashtirilgan baholash tizimini joriy etishga qaratilgan mazkur loyiha Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi hamkorligida hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Jahon banki va USAID tashkiloti moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi ushbu loyihaning asosiy ijrochisidir.

Loyiha ta’lim jarayonining har bir bosqichida o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib:

— xalq ta’limi muassasalari o‘quv jarayonida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish;

— rivojlangan davlatlar tajribasiga tayangan holda o‘quvchilarning ingliz tilini o‘zlashtirish darajasini kuzatib borish va imtihon jarayoni uchun kompyuterlashtirilgan test tizimini yaratish va joriy etish;

— chet tillarini o‘rganish uchun bosqichma-bosqich milliy standartlarni yaratish: A1, A2 va B1 darajalariga mos standart va talablarni takomillashtirish;

— o‘quv jarayonining sifat va mazmunini monitoring hamda tahlil qilib borish uchun elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, umuman olganda, xalq ta’limi muassasalarida o‘quvchilarning tahsili davomida ta’lim mazmunini puxta egallab borishlarini nazorat qilish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutadi.

Ushbu xayrli loyihaning amalga oshirilishi ta’lim mazmuni va o‘quv jarayonini modernizasiya qilish, uni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga bosqichma-bosqich uzatish, xalqaro dasturlar va ilmiy tadqiqotlar (PISA.) asosida umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning bilim darajasi monitoringini o‘tkazish yo‘li bilan sifat va samaradorlikni ta’minlashga imkon yaratadi.

Loyihani xalqaro tajriba asosida amalga oshirish maqsadida AQSHlik Professor Devid L.Kiyessa jalb etildi. Kiyessa baholash mezonining o‘quvchilar psixologiyasiga ta’siri nihoyatda muhimligini quyidagicha ta’kidlaydi:

-Bilimni baholashga qaratilgan bunday testlarni to‘g‘ri joriy etish o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi", — deydi u.

Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, tizimda fundamental o‘zgarishlarni amalga oshirish, yangi baholash mezonlarini joriy etish, ta’lim jarayonini avtomatlashtirish, hujjat ishini keskin kamaytirish, bir so‘z bilan aytganda, ta’lim mazmuni va sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.