May oyida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollar) saylovi eng shaffof, erkin va demokratik tarzda o‘tayotgani aytilmoqda. Maqola muallifi Toshkentning Mirobod tumanidagi «Bayot» mahallasida saylov qanday o‘tgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashga harakat qildi.

1980-yillarda «Bayot» mahallasiga (sobiq «Matonat») ommaviy ravishda ko‘zi ojizlar oilalari ko‘chib kelishni boshladi. Ushbu mahalla shahar markazidan eng uzoqdagi mahallalardan biri bo‘lib, «Qo‘yliq» bozori yaqinida joylashgan. 1970-yillar oxirida Ko‘zi ojizlar jamiyati mablag‘lari hisobidan bu yerda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar doimiy yashashi uchun maxsus to‘qqizta to‘rt qavatli uy qurildi. Ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan odamlar uchun qulaylik yaratish maqsadida bu yerda ko‘r va zaif ko‘ruvchi odamlar uchun mo‘ljallangan cho‘tka va karton ishlab chiqarish korxonasi hamda ularning farzandlari uchun bolalar bog‘chasi qurildi.

«Bayot» mahallasi aholisiga nisbatan «ko‘zi ojizlar mahallasi» atamasi qo‘llaniladi, chunki bu yerda istiqomat qilayotgan 1300 nafardan ziyod kishining 160 nafarini ko‘rishda nuqsoni bo‘lganlar tashkil etadi. Ko‘zi ojizlar mahalla aholisining katta qismini tashkil etgani munosabati bilan odamlar har doim fuqarolar yig‘inidagi vaziyat va muammolardan bevosita xabardor bo‘lgan ko‘rmaydigan yoki yaxshi ko‘rmaydigan odamni oqsoqol sifatida tanlab kelgan.

16 may kuni bo‘lib o‘tgan oqsoqol saylovida esa mahalla tarixida birinchi marta ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lmagan kishi saylandi. Muallif bilan suhbatlashgan mahallaning ko‘zi ojiz aholisining ko‘pchiligi saylovda yangi tahrirdagi «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonunning bir qator talablari buzilganini ta’kidladi.

Mahalladan ilgari surilgan nomzodlar tuman hokimiyati tomonidan rad etildi

Aprel boshida «Bayot» mahallasining saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi rais (oqsoqol) lavozimiga to‘rt nafar nomzodni ilgari surdi. Keyinchalik nomzodlardan biri saylovda ishtirok etishdan voz kechdi va uch nafar nomzod saylovga 10 kun qolganda Mirobod tumani hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga taqdim etildi. Uch nomzoddan ikki nafari ko‘rish bo‘yicha nogironlikka ega edi.

Ko‘rish bo‘yicha ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan Yodgor Rajametov «Bayot» mahallasida tug‘ilib-o‘sgan, oliy ma’lumotli, mutaxassisligi — iqtisodchi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan (30 yosh), Yodgor Rajametov saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rdi va mahalla hayotini yaxshilash bo‘yicha sakkiz banddan iborat saylovoldi dasturini tayyorladi. Shu munosabat bilan fuqarolar yig‘inining ko‘plab fuqarolari unga ishonch bildirdi va oqsoqol lavozimiga uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, 2011 yildan mahalla oqsoqoli lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ko‘rish bo‘yicha birinchi guruh nogironligiga ega Hasan Ahmedov (1958 y. t.) ham o‘z nomzodini ilgari surdi.

Zuhra Kamolxo‘jayeva ham nomzodlar ro‘yxatidan joy oldi. Barcha nomzodlar tuman hokimi bilan tegishli suhbatdan o‘tdi. Biroq saylovga ikki kun qolganida mahalla aholisi hech qanday sabablarsiz ikki nomzod oqsoqol lavozimiga nomzodlar ro‘yxatida yo‘q ekanini bildi. Ro‘ytatda faqatgina Zuhra Kamolxo‘jayevaning nomzodi qolgan edi.

Muallif hokimiyatga taqdim etilgan Yodgor Rajametov va Hasan Ahmedovning nomzodi qanday qilib saylov oldidan ro‘yxatdan tushib qoldirilganini aniqlashga harakat qildi. Yuqorida tilga olingan qonunning 16-moddasiga muvofiq, tuman hokimi nomzodlar hujjatini ko‘rib chiqadi va keyinchalik ishchi guruhiga taqdim etish uchun nomzodlar bo‘yicha asoslangan xulosasini tegishli komissiyaga topshiradi. «Bayot» mahallasi saylov komissiyasi raisi Feruza Yunusova bunday ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilib, ishchi guruhi bilan bog‘lanish va Mirobod tuman hokimiyatiga murojaat qilishni so‘radi.

Hokimiyat tomonidan kelishilmagan har ikki nomzod — Yodgor Rajametov va Hasan Ahmedov tuman hokimidan ularning nomzodi nima sababdan rad etilgani to‘g‘risida asoslangan xulosa olmagan. Mahalla fuqarolarining taxminiga ko‘ra, Yodgor Rajametovning nomzodi uning yosh bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq 61 yoshdagi Hasan Ahmedov nomzodi ham saylovga qo‘yilmagan. Boshqa taxminlarga ko‘ra, har ikki nomzodda ko‘rish bilan bog‘liq nogironlik bo‘lgani uchun ro‘yxatga kiritilmagan.

13 may kuni mahalla fuqarolari kutilmaganda avval mahalla ishchi guruhi tomonidan ilgari surilmagan Nilufar Mashrapovaning nomzodi hokimiyat tomonidan taklif etilganini bildi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lmagan Nilufar Mashrapova mahallada 2011 yildan 2019 yil 15 aprelga qadar maslahatchi sifatida ishlagan va o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagan. O‘z nomini oshkor qilishni istamagan «Bayot» mahallasi fuqarolaridan birining taxmin qilishicha, Nilufar Mashrapova hokimiyatning bosimi ostida yuqoridan topshirilgan o‘zining saylovda ishtirok etishi to‘g‘risidagi qarorga qarshi chiqa olmagan.

Oshkoralik va muqobillik tamoyillariga rioya etilmadi

Qonunga ko‘ra, tuman hokimi hulosasi olinganidan so‘ng ishchi guruhi saylovdan eng kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosi va guzarlarga kelishilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilib qo‘yishi lozim.

«Bayot» mahalla fuqarolar yig‘ini binosidagi «Nomzodlar» stendi, 2019 yil 17 may. Muallif fotosi.

Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar to‘g‘risidagi axborot Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashi rasmiy veb-saytiga saylov o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtirilishi lozim.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, «Bayot» mahallasi binosiga faqatgina bir nomzod — Zuhra Kamolxo‘jayeva haqidagi ma’lumot ilib qo‘yilgan. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashi rasmiy veb-saytiga ham faqatgina shu nomzod to‘g‘risidagi ma’lumot kiritilgan.

Toshkent.mahallakengashi.uz saytida Toshkentning Mirobod tuman mahalla fuqarolar yig‘inlariga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumot joylashtirilgan sahifadan skrinshot (2019 yil 20 may holatiga ko‘ra).

Saytdan «Bayot» mahallasidan ishchi guruh tomonidan saylovgacha jami qancha nomzod ilgari surilgani, qancha nomzod kelishilgani va saylovga ruxsat berilgani, kimning nomzodi qanday sabablarga ko‘ra rad etilganini bilish imkonsiz. Bunday talablar, shuningdek, nomzodlar qanday yo‘l bilan va qaysi organ tomonidan chiqarib tashlanishi hamda jamoatchilikka axborot berish uchun mazkur jarayon vebsaytda qanday aks ettirilishi kabilar ham qonunda ko‘rsatilmagan.

Muqobillik tamoyiligi ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ikki va undan ko‘p nomzod ko‘rsatilgan holda amalga oshirilishi lozim (6-modda). «Bayot» mahallasi raisi saylovida ikki nomzod — N. Mashrapova va Z. Kamolxo‘jayeva ishtirok etganiga qaramasdan, mahalla aholisiga ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘z nomzodlarini muqobil tanlash imkoniyati taqdim etilmagan. Shu munosabat bilan 14 may kuni, bayonnomaga ko‘ra, saylovda ishtirok etish huquqiga ega 41 nafar vakil hamda mahalla faollari ishtirokida saylov komissiyasining navbatdan tashqari majlisi o‘tkazilib, Mirobod tuman hokimiyatidan Yo. Rajametov va H. Ahmedov nomzodlarini saylov byulleteniga kiritish talab qilindi.

Mirobod tumaniga murojaatdan tashqari, mahallaning bir necha fuqarosi Toshkent prokuroriga rasmiy ariza bilan murojaat qildi. Arizada ular oqsoqol saylovini qabul qilingan qonunchilik asosida hamda adolatlilik va ochiqlik tamoyillariga rioya etilgan holda o‘tkazilishida ko‘mak ko‘rsatish so‘raldi. Mahalla faollari, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining Toshkentdagi xalq qabulxonasiga ham murojaat qilib, mahalla fuqarolarining erkin saylash huquqlari tiklanishini so‘radi.

Rais saylovini o‘tkazish vaqtidagi qonunbuzarliklar

Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular nomzodlarining saylovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi bilan bir qatorda, saylovni o‘tkazish tartiblari va jarayonida ham qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yildi. Mahalla saylov komissiyasining navbatdan tashqari majlisi bayonnomasida ko‘rsatilgan talablarga qaramasdan, 15 may kuni ertalab Mirobod tuman hokimiyati vakillari uy rahbarlari bilan birgalikda ularning nomzodlari kiritilmagan byulletenlarni tarqatishni boshlagan. Hokimiyat tomonidan taqdim etilgan talablarning e’tiborsiz qoldirilishi hamda ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan ikki nomzodning rad etilishi bo‘yicha hech qanday rasmiy asoslar yo‘qligi bois saylovda ishtirok etish huquqiga ega ko‘plab fuqarolar hatto byulletenlarni olishdan va bu kabi «saylovlar"da qatnashishdan voz kechdi.

Qonun bo‘yicha fuqarolar yig‘ini raisi saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. «Bayot» mahallasida ovoz berish huquqiga ega bunday vakillar soni 67 kishini — jami fuqarolarning 12 foizdan kamrog‘ini tashkil etadi. Ya’ni, saylov bo‘lib o‘tgan deb topilishi uchun unda eng kamida fuqarolar yig‘inining 45 nafar vakili ishtirok etgan bo‘lishi lozim edi. Biroq ko‘pchilik vakillarda saylovda ishtirok etish xohishi bo‘lmagani sababli, mahalla faollarining taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, 16 may kuni saylovda 15 nafar vakil qatnashgan.

«Bayot» mahallasi fuqarolarining xabar qilishicha, saylov kuni mahalla vakillari ishtirokini oshirish maqsadida xizmat libosida bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uyma-uy yurib, vakillarni xizmat mashinasida saylov o‘tkaziladigan joyga olib borgan. Shuningdek, fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat vakillari rad etilgan Yo. Rajametov va H. Ahmedov nomzodi ham saylovga qo‘yilgani to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan.

«Bayot» mahallasi guzarida saylovni o‘tkazish uchun barcha sharoitlar bor. Bunga qadar barcha Oliy Majlis deputatlari saylovlari, shuningdek 2016 yilda prezident saylovi o‘tkazilgan 70 kishilik zal mavjud. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash saytidagi Z. Kamolxo‘jayeva to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘limida ham saylov o‘tkazish vaqti va joyiga: 16 may, soat 16:00, «Bayot» mahallasi guzari (Badaxshon ko‘chasi, 22-uy) deb ko‘rsatilgan.

Biroq saylov o‘tishiga yaqin qolganda saylovning qo‘shni «Parvona» mahallasidagi musiqa va san’at maktabi binosida bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Saylov kuni esa ovoz berish joyi yana bir marta o‘zgardi — «Barotxo‘ja» mahallasidagi Madaniyat uyi. Guvohlarning ma’lum qilishicha, 16 may kuni «Barotxo‘ja» mahallasi Madaniyat uyi binosiga «Bayot» mahallasi vakillari bilan birgalikda saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar va boshqa shaxslar taklif etilgan.

Ko‘rish bo‘yicha nogironlik — oqsoqol lavozimiga nomzod uchun to‘siq emas

Madomiki Yodgor Rajametov va Hasan Ahmedov nomzodlarining rad etilishi yuzasidan rasmiy sabablar yo‘q ekan, ularning nomzodlari ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgani uchun tasdiqlanmadi, degan degan xulosaga kelish mumkin. Aslida esa, qonunning 7-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar teng saylov huquqiga egadir. Bunda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biror-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.

Qo‘rish, eshitish yoki organizmining boshqa a’zolari bilan bog‘liq jismoniy muammolar kishining oqsoqol saylovida qatnashishiga yo‘l qo‘yilmasligi uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi. Ko‘rish bo‘yicha nogironlik, aqliy yoki ruhiy kasalliklardan farqli ravishda, layoqatsizlikni o‘z ichiga olmaydi. Ko‘rmaydigan yoki zaif ko‘ruvchi odamlar saylash va saylanish bo‘yicha teng huquqlarga ega.

«Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

«Bayot» mahallasida oqsoqol saylash tartiblari va jarayonidagi qonunbuzarliklar, mahalla fuqarolari bilan joyida o‘rganish vaqtida aniqlangan holatlarni hisobga olib, saylov jarayonining qonun talablariga muvofiqligi puxta tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.

Mamlakatimiz siyosiy hayotida nogironligi bo‘lgan shaxslar juda kam ishtirok etadi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar toifasiga mansub bo‘lgan hamda O‘zbekistonda parlament darajasida nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalari va muammolarini faol ravishda ko‘tarib chiquvchi birorta ham Oliy Majlis deputatini tilga olishning imkoni yo‘q. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtiroki cheklangan sharoitda bunday odamlarning hech bo‘lmasa o‘zini o‘zi boshqarish organlari darajasidagi saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etish mumkin emas.

2009 yilda O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini imzoladi. Biroq hamon uni ratifikatsiya qilgani yo‘q. Konvensiyaning 29-moddasi ishtirokchi davlatlarga nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqalar bilan barobar siyosiy va ijtimoiy hayotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki erkin tanlangan vakillari orqali samarali va har tomonlama ishtirok etish, ularning ovoz berish va saylanish huquqi va imkoniyatini kafolatlash majburiyatini yuklaydi. Davlat nogironligiga asoslanib kamsitmagan holda ularning davlat ishlaridagi ishtirokini kengaytirishi va sharoitlar yaratishi lozim.

Amalda esa «Bayot» mahallasi misolida bularning aksi sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Agarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mahalla institutiga ishonchi to‘liq yo‘qolsa, bu prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy va inklyuziv rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlari va faol olib borayotgan siyosatiga qarshi borish hisoblanadi.

Muallif izoh olish uchun fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh bilan bog‘lana olmadi.

Mullif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov

Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi.