2019 yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi yetib tayinlangan Daniel Rozenblumni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar yekan, uni qutladi va mas’uliyatli vazifasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi hamda oliy va yuqori darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar ham muhokama qilindi.