O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatdan ko‘zlangan maqsad — telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta’minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratishdan iborat.

Hujjat bilan telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va ob’ektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida o‘rnatilgan stansiyalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlari hisoblanishi belgilandi.

Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlari, shu jumladan, kabel kanalizatsiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan ta’minlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, ma’muriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno.

Binoda yashovchilardan telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud bo‘lganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikatsiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan beg‘araz asosda foydalangan holda o‘tkazishni rad etishga yoki to‘sqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish bundan mustasno.

2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

  • ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
  • «O‘zbektelekom» AK tomonidan Internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat’i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;
  • olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish;
  • telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 1 iyuldan boshlab davlat subdomenida (gov.uz) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etildi.

Qarorda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turistik ob’ektlarda bosqichma-bosqich, shu jumladan, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlarida Internet tarmog‘idan simsiz foydalanish bo‘yicha ommaviy nuqtalar tashkil etish topshirildi.

Hujjatda, shuningdek, operator va provayderlarga qator imtiyoz va preferensiyalar berish ko‘zda tutilgan.