Seshanba kuni Toshkentdagi Gyota institutida arxitektor Peter Knoxning «Toshkent nemis arxitektori nigohida» kitob-fotoalbomi taqdimoti o‘tkazildi. Unda me’moriy fotosuratchi Irina Knyazeva tomonidan olingan poytaxtdagi 30 ta me’moriy ob’ekt tasvirlari hamda ularga o‘zbek, rus va nemis tillaridagi izohlar keltirilgan.

Kitobni taqdim etarkan, Peter Knox fotosuratlar 2018 yilning noyabrida tasvirga tushirilganini qayd etdi. «Toshkentga kelganimizda, eng qiziqarli ob’ektlarni tanlash qanchalik qiyin bo‘lishini tushunib yetdik. Ular soni juda ko‘p, bizga qiyin bo‘ldi!» — deydi muallif.

Asar to‘rt qismga ajratilgan: «Tarixiy meros», «A la Russe uslubidagi mustamlakachilik me’morchiligi», «Modernizm asosiga o‘tish» va «XXI asrga o‘tish».

Peter Knoz taqdimotidan slayd. Toshkentdagi to‘rt davrga tegishli ob’ektlar: Romanovlar saroyi (1889), Ko‘kaldosh madrasasi (1570), sobiq Pushkin ko‘chasidagi turar joy (1932) va Temuriylar tarixi muzeyi (1996).

«Toshkent me’morchiligi tarixi ikki ming yildan oshiqroq tarixga ega. Juda kam tarixiy qurilmalarning saqlab qolinishiga ko‘plab sabablar bor», — deya boshlanadi shahar tarixiy merosiga bag‘ishlangan matn. Muallif asosiy ikki sababni keltirib o‘tadi: binolarni qurishda doimiy ravishda sinchkovlik bilan ta’mirlanmasa, kamdan-kam hollarda ikki-uch avlodga xizmat qiluvchi xom g‘ishtlardan foydalanish hamda tez-tez sodir bo‘lib turadigan zilzilalar.

«Tarixiy meros» bo‘limida Xazrati Imom ansambli (1530, 2007), Ko‘kaldosh madrasasi (1570) va Amaliy san’at muzeyi majmuasining bir qismi hisoblangan ichki hovliga ega Toshkent uyi (1870, 1969) fotosuratlari keltirilgan.

«A la Russe uslubidagi mustamlakachilik me’morchiligi» bo‘limida esa Romanovlar saroyi (1889), Rossiya Davlat banki bo‘limi (1898), nasroniy cherkovlar (Kafedral cherkov, 1877−1879, 1958−1960, 1996, Yevangel-lyuteran cherkovi, 1896−1899, Rim-katolik cherkovi, 1912, 1993−2000) sanab o‘tilgan.

Taqdimotdan slayd. Sobiq Pushkin ko‘chasidagi turar joy va Bruno Tata loyihalashtirgan Berlindagi turar joy qiyosi.

Ikkinchi qismda To‘qimachilik kombinati shifoxonasi (1936), To‘qimachilar madaniyat saroyi (1940), Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr (1939−1947), Tashkent kurantlari (1947) va sobiq «Toshkent» mehmonxonasi (1956−1958) keltirib o‘tilgan.

Modernizm davrida esa Konsertlar va kinonamoyishlar o‘tkazish san’at saroyi (1962−1964) va O‘zbekiston tarixi muzeyi/Lenin nomidagi Markaziy muzeyning sobiq filiali (1970) fotosuratlari taqdim etilgan.

Taqdimotdan slayd.

Fotoalbomdan «O‘zbekiston» mehmonxonasi (1974), Olimpiya shon-shuhrati muzeyi (1976), Sirk (1976), «Moviy gumbazlar» kafesi (1970), Toshkent metropoliteni, «Chorsu» bozori (1980), Xalqlar do‘stligi saroyi (1979−1981), «Marvarid» galereya uyi (1985) va «MTS-O‘zbekiston"ning sobiq binosi (Davlat loyiha instituti №4, 1985) fotosuratlari ham o‘rin olgan.

So‘nggi qismda — «XXI asrga o‘tish» — Temuriylar tarixi muzeyi (1996), Bolalar ijodiyot uyi (2006), Xalqaro forumlar saroyi (2009), Milliy stadioni (2009−2012) va «Felichita» turar joy majmuasi (2016−2018) o‘rin olgan.

Taqdimotdan slayd.

Albomda hozirda qurilayotgan Tashkent City markaziga bag‘ishlangan qism ham mavjud. Muallif Xalqaro ishbilarmonlik markazi boshlang‘ich manbasini Moskva yoki Parijdan izlamaslik kerakligini ta’kidlab o‘tadi.

Peter Knox Berlikdagi «Spektrum» kompaniyalar guruhini boshqaradi. «Spektrum» Tashkent City master-plan va hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha loyiha yechimlarini ishlab chiqishga jalb qilingan.

«Biz bugun zamonaviy shaharlarda Toshkent uchun ham ahamiyatli hisoblangan ayni shu shaharning o‘ziga xosligi, inshootlarning betakrorligini ehtiyotkorlik bilan saqlab qolish naqadar muhim ekanini ko‘rmoqdamiz. Ayni vaqtda tarixiy binoga yangi hayot bag‘ishlagan holda ehtiyotkorlik bilan unga yangi vazifalarni yuklash ham muhim. Bu zamonaviy urbanistlar, arxitektorlar, muhandislarning vazifasi. Bunday murakkab vazifalarni hal etishda ularga loyihalashtirish va qurilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish yordamga keladi», — deyiladi kompaniya xabarida.