22 may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston-Belarus hamkorligi doirasida bajarilishi 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnik loyihalar tanlovi natijalari bo‘yicha moliyalashtirishga tavsiya etilgan 15 ta loyiha mualliflariga sertifikatlar topshirildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Xabarda qayd etilishicha, Belorus Respublikasi prezidentining o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkentda fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Mazkur hujjatga binoan Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ilmiy-texnik loyihalar tanlovi e’lon qilindi.

O‘zbekiston-Belarus hamkorligida o‘tkazilgan ilmiy-texnik loyihalar tanloviga jami 34 ta loyiha kelib tushdi. O‘z navbatida Belarus tomondagi hamkor tashkilotlardan ayrim mavzular bo‘yicha tanlovga loyihalar topshirilmaganligi tufayli 9 ta loyiha tanlovdan chetlashtirildi. 25 ta ilmiy-texnik loyiha Ilmiy-texnik kengashlarda ekspertizadan o‘tkazildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining 2019 yil 8−11 aprel kunlari Belarus Respublikasiga xizmat safari davomida Belarus Fan va texnologiyalar qo‘mitasi bilan moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi va 15 ta loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

«Gazeta.uz"ga taqdim etilgan jadvalga ko‘ra, ushbu loyihalarni amalga oshirishga jami 7,362 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutitida texnika fanlari doktori, professor Sarimsoqov Abdushukur Abduhalilovich rahbarligi ostida «Bio parchalanuvchi tabiiy polimerlar asosida tarkibida barqarorlashtirilgan nano selen zarrachalari tutgan onkologik kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan polimer tarkibli dori vositalarini yaratish» loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha uchun 1 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.