O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatda din erkinligi masalalari bo‘yicha davra suhbati va dinlararo iftorda ishtirok etish uchun Vashingtonga (AQSH) tashrif buyurdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Delegatsiya tarkibidan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Alisher Kurmanov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, shuningdek muftiy Usmonxon Aliyev joy olgan.

Delegatsiya Oq uy va AQSH Davlat departamenti vakillari — AQSH prezidenti yordamchisining o‘rinbosari Liza Kyortis, AQSH vitse-prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus maslahatchisi Maykl Katron va diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Sem Braunbek bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sem Braunbek bilan uchrashuvda din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ning amalga oshirilishi, shuningdek O‘zbekistonning diniy erkinlik sohasida xavotirlarni keltirib chiqaruvchi mamlakatlarning «nazorat ro‘yxati"dan chiqarish choralari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida dinlararo iftor ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston-Amerika aloqalari tarixida ilk bor O‘zbekiston muftiysi ishtirok etdi. O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobovning Twitter orqali yozishicha, iftor AQSH Tinchlik instituti tomonidan O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.