Kogon shahrida yashagan Bayram Hodiyev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) muqaddam 6 marotaba firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun sudlangan. Jumladan, oxirgi marotaba 2016 yil 4 oktyabrda firibgarlik uchun 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2018 yil 16 may kuni o‘talmay qolgan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan edi. Shunday bo‘lsada, qonunning kechirimlilik tamoyilidan xulosa chiqarmadi. Mehnat qilmasdan, aldov va firibgarlik orqasidan tekin boylik orttirishga o‘rgangan ko‘ngli uni yana jinoyatga undadi.

Bayram Hodiyev 2018 yil iyun oyidan avgust oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqaro Nasiba Zoxidova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ning ishonchiga kirib, o‘zini DXX da yuqori lavozimda ishlab kelayotganligini aytib aldab, Buxoro tumani hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uy-joylardan olib berishni va’da qilib, undan uy olib berish uchun 18 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Ish holatlariga ko‘ra, jabrlanuvchi bu pullarni umr bo‘yicha o‘zi va akasi bilan birga uy sotib olish maqsadida jamlab kelgan.

Katta miqdorda pulni qo‘lga kiritgan Bayram Hodiyevning nafsi hakalak otib ulgurgan edi, tekin pul topish fikri unga tinchlik bermadi. Jinoiy harakatlarini davom ettirib, noqonuniy boylik orttirish maqsadida fuqaro Dilshod Fozilov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ning ishonchiga kirib, uni pora evaziga Davlat xavfsizlik xizmati organlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, pora berishga dalolat qilgan holda pul mablag‘larini qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.

Lekin Bayram Hodiyevning bu galgi firibgarligi oxiriga yetmadi. Hodiyev 2018 yil 27 noyabr kuni soat 17:30 larda Kogon shahridagi «O‘ztemiryo‘l yo‘lovchi» AJning Buxoro filialiga qarashli avtoturargohda fuqaro Dilshod Fozilovdan pora berishga dalolat qilgan holda firibgarlik yo‘li bilan 15 mln so‘m pulni olayotgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoyat ustida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2019 yil 26 martdagi hukmi bilan Hodiyevga Jinoyat kodeksi 25,168-modda 3-qismi «b» bandi, 168-modda 4-qismi «a» bandi va 28, 211-modda 2-qismi «a» bandi bilan jami 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shu bilan birga, sudlanuvchi Bayram Hodiyevdan jabrlanuvchi Nasiba Zoxidova foydasiga 151 mln so‘m undirish belgilandi.

Zarif Sherov, jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi