20 may kuni taxminan 2:30 da Toshkent viloyati Bekobod shahar O‘zbekiston mahallasi Istiqbol ko‘chasi 22-uy ro‘parasida joylashgan chiqindixonada ushbu shaharda istiqomat qilgan ayol kishining (1975 y. t.) murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Voqea joyiga zudlik bilan bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari chiqdilar.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur og‘ir jinoyatni fosh etish uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.