Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq 2022 yilning 1 iyuligacha bajariladigan ishlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Jumladan:

qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish oboroti qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘idan;

ro‘yxat bo‘yicha Respublikaga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.

2019 yil 1 iyuldan oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana sotganlik uchun 1 grammiga ming so‘mdan yig‘im undiriladi.

Farmon bilan 2019−2023 yillarda zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dastur doirasida, Toshkent shahrida Uchtepa milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji negizida yiliga 200 kg oltin, 1 ming 200 kg kumushdan zargarlik buyumlari ishlab chiqaradigan klaster tashkil etiladi.

2020 yil mart oyida «Uzbek Jewellery Fair» xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

2020 yil oxirigacha har bir hududda kamida ikkitadan, Toshkent shahrida esa — kamida 10 ta zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi.

Farmon bilan Zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Moliya vazirligiga o‘tkazildi.

Tadbirkorlar litsenziya asosida affinaj (qimmatbaho metallarni tozalash) faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.

2019/2020 o‘quv yilidan Toshkent davlat texnika universitetida «Zargarlik buyumlari dizayni» yo‘nalishi ochiladi.

Asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tartibini buzganlarga nisbatan quyidagi javobgarlik choralari belgilanadi:

huquqbuzarlik birinchi marotaba sodir etilganda — zargarlik buyumlarini musodara qilmay uning 50 foizi miqdorida jarima;

ushbu huquqbuzarlik bir yilda takror sodir etilsa — zargarlik buyumini musodara qilish yoki uning qiymatining 100 foizi miqdorida jarima solish.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvi «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonun ishlab chiqiladi.