20 may kuni Sergeli tumani Sputnik mavzesidagi ikki qavatli yog‘och uylardan birida istiqomat qiluvchi Otabek Niyozaliyev «Tashkent — snos» Facebook-guruhida odamlar yashab turgan qo‘shni uy buzilayotgani haqidagi ma’lumotni qoldirdi. «Gazeta.uz» muxbiri Sabina Bakayeva Sergeliga otlanib, ushbu holatni o‘rgandi.Tumanda yer usti metro tarmog‘i qurilishi davom etmoqda. Ulkan to‘sinlar yog‘och binolardan iborat eski shaharcha ichiga kirib bormoqda. Tomining yarmi buzilgan 5-uy yo‘l yoqasida joylashgan. Unda hech kim yashamayotgandek.

5-uy ortidagi 14-uyda ishchilar buzish ishlari olib bormoqda. Shu yerda yashovchilarning aytishicha, besh kundan buyon uni buzishmoqda. Ikkinchi qavatda yurgan bir qancha odamlar yerga qurilish chiqindilarini otadi. Uy ogohlantiruvchi qizil-oq tasmalar bilan o‘rab olingan. Buzilayotgan uy yaqinida esa ona ikki farzandi bilan sayr qilmoqda.

14-uy.

Otabek Niyozaliyevning uyi keyingisi — 22-uy. Tez orada navbat unga ham yetib kelishi kerak. Ikkinchi qavatdagi kvartira derazasidan 14-uyni buzayotganlarning qiyofalari yaqqol ko‘rinib turadi.

Otabek Niyozaliyev buzish to‘g‘risida o‘tgan yil ma’lum qilinganini aytadi. Odamlarga «Uzar» mahallasidagi yangi uylarga ko‘chib o‘tish taklif qilinib, kafolat xatlari berilmoqda. Unda yangi uydagi kvartiralar «yashash uchun» berilayotgani yozilgan. Otabek Niyazaliyev bu unga yangi kvartiraga egalik huquqini kafolatlamaydi, deb hisoblaydi.

Qog‘ozni ko‘rgan shahar hokimiyati konsultanti Otabek Niyozaliyevga turk mutaxassislari bilan hamkorlikda barpo etilishi kerak bo‘lgan uylarni qurish hali boshlanmaganini ma’lum qiladi. «Yangi uylarning hujjatlari hali yo‘q, ular hali hokimiyat balansiga berilmadi, deyishdi», — deydi u.

Uy egasi kafolat xatlarining kuchi va unga yangi turar joy rasmiylashtirilishi to‘g‘risida maslahat olish uchun Toshkent hokimiyati yuridik xizmatiga telefon orqali bog‘lanadi. «Menga kafolat xati bilan yangi uyni rasmiylashtira olmasligimni, chunki uy uchun hali to‘lov qilinmaganini aytishdi». O‘zbekiston Adliya vazirligida unga kafolat xati qonunchilikda ko‘zda tutilmaganini ma’lum qilishadi.

«Davlat mening hayotimni yaxshilashni istayotgan bo‘lsa, xursandman. Biroq bu kvartirani sotib olishimga to‘g‘ri kelsa, men hozirda o‘zim yashayotgan xuddi shunday, biroq boshqa yerda joylashgan yog‘och uyda yashashga tayyorman», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Yo‘l yoqasidagi 5-uyda hali bir oila qolgan. Birinchi qavat devorlari buzib bo‘lindi. Ikkita kvartira o‘rnidagi pollar olib tashlangan, devorlar yo‘q. Shift qalin yog‘och to‘singa o‘rnatilgan. Chapdagi kvartira eshigi ochiq. U yerdan tovushlar va tinimsiz oqayotgan suv ovozi eshitiladi. Otabek Niyozaliyev bu ishchilarning tovushi ekanini aytadi. Suv esa yorilgan quvurdan oqmoqda.

Elvir Mo‘minova 58 yoshda. U 63 yoshli turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, homilador kelini va 7 yoshli nevarasi bilan yashaydi. Ayolning tasdiqlashicha, bu uyda yashash qo‘rqinchli va uning uxlashi yomon. «Azob chekib o‘tiribmiz, chang yutayapmiz. Bronxitim, yurak va qand xastaligim bor», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 may kuni uy hali butun edi. Kechga kelib shiferlarni sindirishni boshlashadi. «O‘g‘lim [ishchilardan] so‘radi: nima qilayapsiz? Keyin Dilshod (Hoshimov, Toshkent hokimiyati huzuridagi davlat aktivlarini boshqarish markazi yetakchi inspektori) keldi va qo‘shnilarning taxtalari buzilayotganini aytdi», — deydi Elvira Mo‘minova.

Uning turmush o‘rtog‘i Usmon Mo‘minov shundan so‘ng kvartirada suv ta’minotiga uzilishlar boshlangani, elektr energiyasi uzilgani, eshik yaxshi yopilmay qolganini ma’lum qildi.

Usmon Mo‘minov o‘z uyi manzarasida nevarasi bilan.

«Avvaliga bizga ikki xonali kvartiraga ko‘chib o‘tish, keyin uni uch xonaliga almashtirishni taklif etishdi. So‘ng hokimiyat uch xonali uyni sotganini aytishdi. Shundan so‘ng bizga „Uzar“ mahallasidagi ikkita bir xonali kvartirani taklif etishdi. Men [Dilshodga] u holda men bir xonani yo‘qotishimni aytdim. Biz uchun uch xonali kvartira yo‘qligini aytishmoqda», — deydi Usmon Mo‘minov.

U oilasiga hokimiyat hisobidan ijarada turish taklif etilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Elvira Mo‘minovaning ta’kidlashicha, qo‘shnilarning ko‘pchiligi o‘tgan yiliyoq ikkilamchi turar joylarga ko‘chib o‘tgan.

«Yog‘och uylardan ko‘chib ketayotganlarning deyarli barchasi ikkilamchi bozordan turar joy olishga umid qilayapti. Bu yerda uylar kichkina, yong‘in chiqish xavfi yuqori. Shuning uchun odamlar g‘ishtli uylarga ko‘chib o‘tayotganidan mamnun», — deydi Otabek Niyozaliyev.

Dilshod Hoshimovning «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hech kim yashamasligi, hech narsani o‘g‘irlamasligi va o‘t qo‘ymasliklari uchun faqatgina bo‘sh kvartiralarning pollari qo‘parib olingan. U Mo‘minovlar oilasi yaqin kunlarda Choshtepadagi tayyor yangi uylarga ko‘chib o‘tishiga va ularda yangi turar joyga egalik huquqi berilishini ma’lum qildi.