Davriy nashrlarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchi «Matbuot tarqatuvchi» kompaniyasining Xorazm viloyati sho‘’ba korxonasi direktori O. K. 2017−2018 yillarda obunachilar tomonidan to‘langan 1,3 mlrd so‘m pul mablag‘laridan 562,3 mln so‘mini talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan «Matbuot tarqatuvchi» xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshirish o‘tkazilgan.

Xabarga ko‘ra, O. K. pullarni o‘g‘li A.K. va qarindoshi S.Sh.ga qarashli «U.Z.» MCHJga o‘tkazgan.

Shuningdek, ushbu pul mablag‘lari evaziga «Kaptiva», «Lasetti», «Neksiya» rusumli avtomashinalarni hamda sho‘’ba korxona negizida tashkil etilgan Hazorasp bosmaxonasi balansida bo‘lgan haqiqiy bahosi 750,0 mln. so‘mlik bino va inshootlarni 16,7 mln. so‘mga sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganligi aniqlangan.

Tekshiruv davomida yetkazilgan zarardan 562,0 mln. so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Xuddi shunday, «Matbuot tarqatuvchi» AK Xonqa filiali rahbari M.R. ham 2018 yilda obunachilar tomonidan to‘langan 365,5 mln. so‘m pul mablag‘laridan 214,0 mln. so‘mini qarindoshi Sh. A.ga tegishli bo‘lgan «A.S.» XKga o‘tkazib talon-toroj qilib, ushbu pul mablag‘lari evaziga Urganch shahridan turmush o‘rtog‘i A.A. nomiga uy sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O.K. va M.R.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.