O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni yaylovlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 2 aprel kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinb, 3 mayda Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonun bilan yaylovlar chorva mollari uchun ozuqa bo‘lgan o‘simliklarning tabiiy qoplamiga ega yerlar ekani belgilandi. Yaylovlar cho‘ldagi, yarim cho‘ldagi, tog‘ oldidagi, tog‘dagi va tekislikdagi, suv bilan ta’minlangan hamda suv bilan ta’minlanmagan yaylovlarga ajratiladi.

Yaylovlar umummilliy boylik bo‘lib, davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Tog‘dagi yaylovlar mavsumiy bo‘lib, ulardan yilning faqat muayyan vaqtida foydalaniladi.

Hujjatga ko‘ra, yaylovlardan foydalanuvchilar yaylovlardan birgalikda foydalanish hamda ularni muhofaza qilish uchun yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalarini tuzishi mumkin. Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalarini doimiy egalik qilishga, ijaraga, shuningdek vaqtincha foydalanishga olish yo‘li bilan yaylovlardan foydalanishi mumkin. O‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining ruxsatnomasi bo‘yicha foydalaniladi.

Qonunda qayd etilishicha, yaylovlardan foydalanganlik uchun haq yer solig‘i yoki ijara haqi tarzida undiriladi.

Yaylovlardan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:

  • yuridik shaxs tugatilganda;
  • jismoniy shaxs vafot etganda;
  • yaylovlar berilgan muddat tugaganda;
  • boshqa maqsadda foydalanilganda;
  • oqilona foydalanilmaganda;
  • yaylov yerlari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda;
  • yaylovlardan foydalanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda.

Tanazzulga uchragan yaylovlarni takror ko‘paytirish va tiklash, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob hamda yo‘qolib ketayotgan o‘simlik va hayvonlar turlarini muhofaza qilish maqsadida maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan yaylovlardan foydalanishga cheklovlar hamda taqiqlar belgilanadi.