Temurjon Komilov xalq ta’limi vazirining moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni bu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar berdi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Temurjon Komilov xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2004 yil bakalavriyat va 2006 yili magistraturani tamomlagan. 2005−2017 yillarda davlat organlarida faoliyat yuritgan.

2017 yildan O‘zbekiston Hisob palatasida ishlab kelgan. 2018 yilda u Hisob palatasining Byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilishi va xarajat qismi ijro etilishini nazorat qilish sho‘’basi bosh inspektori lavozimida ishlab kelgan.

Temurjon Komilov ayni vaqtda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori sifatida faoliyat olib borayotgan Atabek Nazirov o‘rnini egalladi. Eslatib o‘tamiz, Atabek Nazirov yanvar oyida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlangan.