Kriminalistikada inson miyasi xotiraga qanchalik tezlik bilan real hayotdan sodir bo‘lmagan narsalarni kiritishi yaxshi ma’lum. Shunday ekan, voqeaning soxta manzarasi gavdalanmasligi uchun hodisa guvohlarining ko‘rsatmalari u sodir bo‘lgandan imkon qadar tezroq yozib olinishi kerak. Bir oz keyin esa guvohlarning xotiralariga o‘y-xayollar ta’sir ko‘rsatishni boshlaydi. Ko‘rish orqali olingan xotiralar miya orqali o‘tar ekan, moddiy muhit to‘g‘risidagi kognitiv bilimlarimiz, shuningdek hayotimiz davomida to‘plangan bilim va tajribalarimiz ta’sirida o‘zgarishga uchrashni boshlaydi. Umumiy manzarada yodda saqlash, umumiy xulosa chiqarish, aniqlab olish, assotsiatsiya (tasavvur, his-tuyg‘u, fikr kabilarning bir-birini eslatadigan o‘zaro bog‘lanishi — tahr.), tartibga solish va baholash kabi atamalardan foydalangan holda tavsif etish mumkin bo‘lgan asosiy jarayonlar mavjud. Mazkur jarayonlar individual va shaxsiy filtrlar (prizmalar) orqali o‘tadi.

Xuddi shunga o‘xshash vaziyat odamlarning butun umrga yo‘q bo‘lgan binolar hamda ularning hujjatlashtirilgan tarixiy qiymati to‘g‘risidagi xotiralari bilan ham sodir bo‘ladi. Yodgorliklar himoyachilari (restavratorlari)ning oson bo‘lmagan vazifalaridan biri, eng avvalo ularni imkon qadar aniq, ilmiy savodxonlik bilan tasvirlash va shu yo‘l bilan yodgorliklar bayonini xolisroq shakllantirishdan iboratdir. Sinchiklab o‘rganish va aniq ilmiy tadqiqotlar orqali yodgorliklar himoyachisi o‘z mahoratini charxlaydi, u shubhali da’volarni ilm-fan nuqtai nazaridan diqqat bilan o‘rganadi va ob’ektning tarixiy qiymati to‘g‘risidagi asossiz va aqlga tayanmagan xulosalarni chiqarib tashlaydi. Bundan tashqari, mutaxassisning me’moriy yodgorliklar himoyasi bo‘yicha nuqtai nazariga xalqaro tajriba ham ta’sir ko‘rsatadi.

Qariyb barcha shaharlarda jamiyat tasavvurida unchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmagan yoki aholi nazdida «ko‘zga tushgan dog‘» hisoblangan, aslida esa yuksak arxitekturaviy, tarixiy, shaharga xos, ilmiy yoki etnografik ahamiyatga ega bo‘lgan binolardan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bunday holatlarda me’moriy yodgorliklar himoyasi bo‘yicha mutaxassislar vositachi-tarixchi rolini bajaradi, ular o‘z sa’y-harakatlari bilan nima uchun aynan ushbu binoni saqlab qolish kerakligi va nima uchun bu o‘z vaqtining guvohi sifatida jamiyat uchun zarur ekanini tushuntirib berishlari lozim.

Arxitektura yodgorliklarini o‘rganish vaqtida bo‘lib o‘tadigan muhokamalar jarayonida tadqiqotchilar bino qiymatini tushunib yetishimiz uchun muhim bo‘lgan qanday tarixiy o‘ziga xosliklarini batafsil ko‘rsatib berish, shuningdek mazkur inshootning me’moriy o‘ziga xosligini belgilash hamda undan keyinchalik foydalanish uchun zamonaviy talablarni kelishib olish bo‘yicha ajoyib imkoniyatga ega bo‘ladi.

Tarixiy saqlash uslublariga kelsak, hech kim bino yoshi bo‘yicha farqlardan kelib chiqibgina uning muhimligi to‘g‘risida xulosa chiqara olmaydi, biroq XX asrning yoshroq binolarini saqlab qolish, masalan, o‘rta asrlar binolarini qayta tiklashga qaraganda ko‘proq murosaga tayyor bo‘lishni talab qiladi. Murosaga tayyorlik natijasida aksariyat hollarda turli manfaatdor guruhlar o‘rtasida barcha tomonidan ma’qullangan o‘zaro yon berish holatlari mavjud bo‘ladi.

Agarda yodgorlik-bino qayta tiklansa, integratsiya qilinsa, o‘zining dastlabki vazifasini o‘zgartiradi — tasavvurlar o‘zgarishi mo‘’jizasini yana va yana kuzatish mumkin bo‘ladi:

Yaqindagina ko‘pchilik vayrona, omadsiz me’moriy reja va mafkuralar timsoli sifatida qabul qilgan binolarni odamlar to‘satdan o‘z o‘tmishlarining bir qismi bo‘lganini eng yaxshi xotiralar bilan tan olishni boshlaydi. Hatto oddiy odamlar ushbu niyatni amalga oshirishga yordam bergan yangi materiallar yordamida me’moriy ijrodagi ba’zi o‘zgarishlarni farqlay oladi. Shaharning tub aholisi vaqtlar o‘tishi bilan sayohatga otlanadi va farzandlari hamda mehmonlarga o‘z o‘smirligi yoki ajdodlari hayotidan hikoyalarni faxr bilan so‘zlab bera olishidan faxrlanadi, ularning meroslar to‘g‘risidagi xotiralari shunday qilib to‘planadi.

1966 yil (GDR vaqtida) Saksoniya yeri poytaxti Drezdenda nemis arxitektorlari Leopold Vil va Volfgang Xensh loyihasi bo‘yicha xalqaro modernizm uslubida qurilgan madaniyat saroyi ushbu metamorfozaga (rivojlanish natijasida boshqa ko‘rinishga o‘tish — tahr.) yorqin misol bo‘ladi.

Germaniyaning ikki qismi birlashtirilganidan so‘ng ikkinchi jahon urushi vaqtida qariyb butkul vayron qilingan shaharning tarixiy markazidagi ushbu binoga sotsializm boshqaruvining boshqa ko‘plab qoldiqlari kabi juda kam e’tibor qaratildi. 2000-yillarning boshida nemis monumentalistlari ushbu bino fasadidagi badiiy bezaklarni madaniy yodgorlik sifatida tan oldi va uni himoya ostiga olishdi. Ayni shu vaqtda shahar markazidagi maydonni kengaytirish bahonasida, shuningdek ayrim biznes uyushmalarning iqtisodiy manfaatlari sababli binoni to‘liq yoki qisman buzib tashlashga chaqiriqlar paydo bo‘la boshladi.

Tarixiy merosga ko‘ngil qo‘ygan va e’tiborsiz bo‘lmagan fuqarolarning murojaatlaridan so‘ng yodgorliklarni muhofaza qilish boshqarmasi bino restavratsiyasi bilan shug‘ullandi va 2007 yilda uni Yodgorliklar ro‘yxatiga kiritdi. 2017 yilgacha amalga oshirilgan rekonstruksiya va qayta qurilishlardan so‘ng GDR fuqarolari uchun mo‘ljallangan ayrim freskalar (devorga solingan rasm yoki surat — tahr.), masalan binoning asosiy foyesidagi «Bizning sotsiologik hayotimiz» frizi (naqshli hoshiya — tahr.) saqlab qolindi.

Mazkur binoning boshqa me’moriy qismlari bir oz yoki ko‘proq o‘zgarishlarga uchradi, masalan, oltin rangidagi so‘nggi shisha paneli oddiy oynalisiga almashtirildi, anjumanlar zali esa to‘liq yangilandi. Shunday qilib, yodgorlikning asosiy qiymati saqlab qolindi, ichida esa foydalanish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

2017 yildan mazkur bino va freskalarga yangi hayot bag‘ishlandi: shahar aholisining sotsializm davri binolariga qarashi tubdan o‘zgardi, sayyohlar uchun ham mazkur bino Drezden bo‘ylab sayohatning muhim nuqtalaridan, shuningdek bu yer fotosuratga tushish uchun sevimli maskanlardan biriga aylandi.

Drezdendagi madaniyat saroyi restavratsiya vaqtida, 2015 yil may. Manba: Vikipediya.

Qayta tiklanishidan avval himoya to‘ri bilan qoplangan «Qizil bayroq yo‘li» g‘oyaviy freskasi, 2012 yil oktyabr. Manba: Vikipediya.

Yuqori foye restavratsiyadan so‘ng, o‘ngda — «Bizning sotsiologik hayotimiz» frizi, 2017 yil may. Manba: Vikipediya.

Yangi konsert zali, ranglar foye rangiga moslashtirilgan, 2017 yil may. Manba: Vikipediya.

Drezden Madaniyat saroyining hayotga qaytishi aynan aholining ongli qatlami sa’y-harakatlari hamda me’moriy yodgorliklar himoyachilarining faolligi binoning me’moriy qiymati shahar hukumati tomonidan tan olinishiga misol bo‘ladi. Vaholanki 2007 yilda Drezdenning ko‘pchilik aholisi uchun uning buzilishi hech qanday ahamiyatga ega emas edi. Yodgorliklar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar sharofati bilan uning saqlab qolinishi bo‘yicha ijtimoiy kampaniya, keyin esa binoni restavratsiya qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Kelgusida Toshkentda ekskursiyalar, OAVdagi «Toshkentning topografik yodgorliklari» kabi matnlar, tushuntirish uchun yozilgan kichik maqolalar, filmlar yoki internetdagi takliflar ko‘rinishida yodgorliklarning me’moriy qiymati ekspertlardan shahar aholisiga «yetkazib berilishi» mumkin. Ushbu vositalar sharofati bilan odamlar axborotlarga ega bo‘lishi va ularni tarqatishi mumkin.

Drezdendagi Madaniyat saroyi bilan deyarli parallel ravishda Toshkentda ham 1982 yilda «Tashgiprogor» rejasi bo‘yicha Rafael Xayrutdinov rahbarligi ostida Kinochilar uy qurilgan edi (2017 yilda buzib tashlandi).

Bino namunaviy doirasimon kinoteatrga ega bo‘lib, film namoyishi jarayonidan o‘zlashtirilgan ko‘plab motivlarni o‘zida aks ettirar edi: burchaklari qayrilgan reja uzatuvchi va qabul qiluvchi roliklarga xos ko‘rinishi bilan kinoproyektorni eslatar edi. Uchdan bir qismni egallagan markazda «ob’ektiv» joylashgan; qavat to‘rtta baquvvat ustunlarga joylashtirilgan — ular binoning qiyofasini shakllantirgan.

Zalga ko‘tarilish uchun yozgi vaqtlarda soya hosil qilgan pastroqdagi maydonchadan o‘tish lozim edi. Kassetasifat (kasseta — fotoplyonka joylanadigan, yorug‘lik o‘tkazmaydigan quticha — tahr.) shiftlar egilgan temir to‘sinlar yordamida biriktirilgan. Ikki tomonda, o‘z navbatida, proyektor oldidagi kino tasmalari uchun pedlarni eslatuvchi egilgan ko‘rinishdagi panjarali zinalar joylashgan. Umumiy fasad 16:9 formatidagi bo‘g‘imlarga ajratilgan, katta zal gofrali plyonkani eslatardi. Aylanasimon metall tasmalar kichik kinoplyonkalarga o‘xshar va Kino saroyi («Panorama») ustunlari va old konstruksiyasi qismlarini esga solar edi. Bino oldidagi maydonchada Robert Avakyanning shamolda tebranayotgan kinotasmalarni eslatuvchi uch dona metall skulpturasi o‘rnatilgandi.

Ichkarining ikki tomonida ikkinchi darajali foyega eltuvchi zinalar orqali katta zalga ham kirish mumkin bo‘lgan. Foye devorlari rassom Bahodir Jalolovning «Boqiylik elchilari» nomli devor rasmi bilan bezatilgan. Sharqiy blokda Asad Ismatov, Xudoybergan Devonov, Yakov Protazanov, Nabi G‘aniyev, Komil Yormatov, Razzoq Hamroyev kabi kinoyulduzlar tasviri tushirilgan edi. Kinoyulduzlar tasvirlari oralariga o‘zbek kino san’ati namunalari keltirib o‘tilgan.

Qarama-qarshi tarafda esa g‘arbiy blok joylashgan bo‘lib, unda sharqiy blokdagi kirill yozuvlardan farqli ravishda, lotin alifbosida devor rassomchiligining yorqin vakillarining ism-shariflari keltirib o‘tilgan. Gans Erni (Shveysariya) o‘zining 1954 yildagi «Yadroviy urushga — YO‘Q» plakati, David Sikeyros (Meksika) 1937 yilgi «Hayqiriq aks-sadosi» sahnasi, Pablo Pikasso (Ispaniya) «Gernika"dan parchasi va Osvaldo Guayasamin (Ekvador) 1962−65 yillardagi «Zorlanayotgan ayollar, 5-qism) tasviri bilan. Shuningdek, foyening yulduzlar shaklidagi prizmatik bo‘rtiqlari ko‘rinib turgan sakkiz burchakli kesik piramidalar ko‘rinishidagi lampalar osilgan shifti ham diqqatga sazovor edi.

O‘z bilimlarimizga tayanib, biz Kinochilar uyi tavsifining bir qismini jonlantirdik xolos, me’moriy yodgorliklarni saqlash bo‘yicha ekspertlar esa binoning tarixiy va badiiy qiymatga ega bo‘lganini tasdiqlashlari mumkin. Bu bino tasviriy san’at bezaklarini o‘zida jo ettirgan edi.

O‘sha davrlardagi noyob aylana ko‘rinishdagi kinoteatrlardan biri bo‘lgan bino, albatta, maxsus me’moriy yechimlarga ham egalik qilishi lozim edi. Juda qiziqarli shaklda jihozlangan katta va murakkab inshoot o‘zining tarixiy ahamiyatga ega ekani to‘g‘risida shohidlik berib turar edi. Tashqi qiyofasi Toshkentni taraqqiy etayotgan sotsialistik mamlakatlar uchun namunaviy shaharga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlardan dalolat berardi. Keyinchalik bu yerda Afrika, Lotin va Janubiy Amerika mamlakatlarining sotsialistik kinofestivallari tashkil etildi. Bu binoga jamlangan jahonga mashhur rassomlarning noyob asarlari uni tarixiy, ayni vaqtda badiiy qiymatini oshirib, bir vaqtning o‘zida ham ko‘rgazma, ham eksponat ekanini ta’minlar edi.

Тошкент, Kinochilar uyi, 2017 yilning noyabri. Muallif fotosi.Kinochilar uyi, katta zal ostidagi maydoncha, 2017 yilning noyabri. Muallif fotosi.Kinochilar uyi, qavatdan evakuatsiya qilish rejasi. Katta zal binoning ushbu qism oldida joylashgan, 2017 yilning noyabri. Muallif fotosi.Kinochilar uyi, ikkinchi qavat foyesining shifti, qandillar saqlab qolinmagan, 2017 yilning noyabri. Muallif fotosi.

Kinochilar uyi, ma’muriy qanotdagi yorug‘lik gumbazi, 2017 yilning noyabri. Muallif fotosi.

Bahodir Jalolov: «Boqiylik elchilari». Sharqiy qism, 1982−84 yillar. 2017 yilning noyabri, Muallif fotosi.

Bahodir Jalolov: «Boqiylik darakchilari». G‘arbiy qism, 1982−84 yillar. 2017 yilning noyabri, Muallif фотоси.

Binoning monumentallik qiymati tan olinganidan so‘ng, Drezdendagi Madaniyat saroyi misolida aytadigan bo‘lsak, vaqt o‘tishi bilan binodan foydalanishda o‘zgarishlar sodir bo‘lishi, u yangi qurilishlarni o‘z ichiga olishi mumkin edi. Masalan, anjumanlar markaziga ega mehmonxonani qurish zaruriyati paydo bo‘ldi. Bu bosqichda butun binoni saqlab qolish kerakmi yoki yangi binoga bog‘lash mumkin bo‘lgan uning bir qismi ham yetarlimi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.

Masalan, anjumanlar markazi turli hajmdagi ko‘p sonli zallar bo‘lishini taqozo etadi. Bunday zallar Kinochilar uyida mavjud edi. Me’moriy yodgorlik ortida butunlay yangi bir binoni qurib, yodgorlikni ham saqlab qolish hamda, o‘z navbatida, me’moriy vazifa hisoblangan yangi bino bilan simbioz (ikki xil organizmning muayyan bir muhitda bir-biriga foyda yoki zarar keltirib, birga yashashi — tahr.) hosil qilishi mumkin edi.

Agarda Kinochilar uyini qisman saqlab qolish istagi bo‘lganida, masalan, foyega bar yoki kafe joylashtirish mumkin edi. Qanchalik noyob va o‘ziga xos joyga aylanishi mumkin edi bu yer. O‘tmish davrlarini o‘zida aks ettirgan tarixning betakror oynasi. Rassomlarning illyutrativ mehnatlari qanchalik ahamiyat kasb etar edi! Va bu yerda «tasavvurlar o‘zgarishi mo‘’jizasi» sodir bo‘lishi mumkin edi: hozir vayron bo‘lgan bino sifatida esga olayotganimiz ommabop va diqqatga sazovor tarixiy maskanga aylangan bo‘lishi mumkin edi!

Aynan shunday tarixiy maskanlar shaharning o‘ziga xosligini ta’minlaydi. Allaqachonlar o‘tib bo‘lgan zamonlarning asoratlari shaharga yangi qurilishlar bera olmaydigan madaniy qiymat baxsh etadi.

Va o‘tmish faqatgina O‘rta asrlar bilan chegaralanmaydi. Afsuski, Toshkentda bunday misollar talaygina: shunchaki eski, hozirda yo‘qotilgan aeroportni eslang. 1950-yillarning ushbu noyob binosi tashrif buyurgan mehmonlarni qanchalar uslub va bashanglik bilan qarshi olishi mumkin edi. Ushbu madaniy yodgorlikdan boshqa davlatlarda qilinayotgani kabi, masalan, ayriboshlash shoxobchalari, avtomobillar ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar yoki turistik ma’lumotlar uchun foydalanilsa bo‘lmasmidi?

Yangi terminal haqiqatda eskisining o‘rniga barpo etilmadi, biroq buzish ishlari mazkur terminal qurib bitkazilganidan keyin boshlandi. Dunyoda aeroportlar terminallari sifatida keng foydalanilayotgan himoya ostidagi ko‘p sonli yodgorliklar mavjud.

Xalqaro tanlov o‘tkazilib, o‘zining madaniy kontrapunkini o‘rnatishi mumkin edi. Aynan ushbu madaniyat mehmonlarni o‘ziga jalb etadi va odamlar hayotini o‘zida ifoda etadi.

Me’moriy yodgorliklar himoyachilarining ishi yo‘qotilayotgan binolar misolida tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan tasavvurlarga e’tibor qaratishni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Va bu vositachilik va tushuntirishlar butun dunyoda bor. Masalan, bu Germaniyadagi yo‘qotilgan binolar tajribasida ko‘rish mumkin.

Shundan kelib chiqib, eng kamida bir xulosa chiqarish mumkin: agarda avvallari ma’lum qilinmagan sabablar bilan yodgorliklar ro‘yxatida ko‘rsatilmagan va unga kiritilmagan madaniy yodgorlik buzilgan bo‘lsa, bundan so‘ngra me’moriy yodgorliklar himoyasi uchun javobgar bo‘lgan mahalliy organlar bilan oldindan maslahatlashish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Muallif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Yens Yordan — me’moriy yodgorliklarni saqlash bo‘yicha mutaxassis, Germaniyaning Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlab qolish bo‘yicha xalqaro kengashi (IKOMOS) a’zosi, Drezden texnika universiteti va Bauxaus universiteti katta ilmiy xodimi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston me’moriy yodgorliklarini tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi. 2015−2017 yillarda O‘zbekiston me’moriy yodgorliklarini restavratsiya qilish, saqlash va menejmenti bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya magistrlik dasturini tuzish va amalga oshirishda ishtirok etdi. 2017 yildan buyon o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarining madaniy meros ob’ektlari holati to‘g‘risidagi bilimlarni yetkazish bo‘yicha malakasini oshirish ilmiy-amaliy loyihasini yuritmoqda. Ushbu loyihalar O‘zbekiston me’moriy merosini saqlash sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Folksvagen jamg‘armasi (Germaniya) granti bilan qo‘llab-quvvatlangan.