Alohida toifadagi ishlab chiqaruvchilar uchun energiya resurslarining ba’zi turlariga cheklovlar kiritilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga inflyatsion bosimni keltirib chiqaradi, deyiladi Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhida.

Tahlil natijalariga ko‘ra, yaqin istiqbolda iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga kelishi quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘ladi:

  • energiya resurslari narxining o‘tgan yil noyabridagi oshishining ikkilamchi ta’siri hamda joriy yil iyun oyidagi narxlar oshirilishining navbatdagi bosqichining kutilishi;
  • o‘rta darajadagi yumshoq fiskal siyosatning davom ettirilishi;
  • soliq siyosatidagi o‘zgarishlar va ayrim iste’mol tovarlari import boji stavkalari oshirilishi ta’sirining saqlanib qolinishi;
  • xizmatlar, jumladan kommunal xizmatlar narxlarining indeksatsiyalanishi;
  • investitsion talabni, xususan qurilish tovarlariga bo‘lgan talabning oshishi;
  • qulay tashqi shart-sharoitlarining saqlanib qolishi hisobiga respublikaga keladigan pul o‘tkazmalari hajmining oshishi natijasida iste’mol talabining ortishi;
  • tadbirkorlik faoliyati uchun zaruriy shart sharoitlarni o‘zgarishi (masalan, ayrim turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun energoresurslari ta’minoti bo‘yicha cheklovlar kiritilishi);
  • import inflyatsiyasi va boshqalar.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» 2020 yildan alohida kompaniyalarga gaz yetkazib berishni to‘xtatish uchun muqobil yoqilg‘ilarga o‘tishni taklif etgan edi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning ta’sirini kamaytirish maqsadida, birinchi navbatda, ichki bozordagi raqobat muhitini yanada yaxshilash, energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, ishlab chiqarish infrastrukturasini kengaytirish va modernizatsiyalash zarur hisoblanadi. Shuningdek, butun respublika bo‘ylab logistika tizimini rivojlantirish hamda tashqi savdo talablarini yanada soddalashtirish va uning shaffofligini oshirish lozim.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi hamda o‘rta muddatli istiqboldagi iqtisodiy tendensiyalar avvaldan aniqlash imkoniyatlarini oshirilishi inflyatsion kutilmalarni pasaytirish va boshqarishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2019 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Markaziy bank, yuqorida qayd etilgan inflyatsion xatarlarning amalga oshishi ehtimolini hisobga olgan holda, 2019 yil yakunlari bo‘yicha prognozlarini «Monetar siyosatning 2019 va 2020−2021 yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari"da e’lon qilingan 13,5−15,5 foiz darajasida o‘zgartirmasdan qoldirmoqda va inflyatsiya ko‘rsatkichini prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada bo‘lishini kutayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Markaziy bank 2019 yilning II choragi davomida yillik inflyatsiya darajasi sezilarli o‘zgarishiga ta’sir etuvchi yetarli asoslar ko‘rmayapti.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning martida iste’mol narxlar indeksi bo‘yicha hisob-kitob qilingan choraklik inflyatsiya 4,3 foizni tashkil etdi. Bu 2018 yilning yanvar-mart oyiga nisbatan 0,6 foiz pastroqdir.