Urganch tuman «Mashina-traktor parki» aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashining 2003 yil 12 avgust kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida jamiyatning narxi 1 000 so‘mdan iborat oddiy aksiyalari nominal qiymatini, ayrim huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq, 11 ming 124 so‘mga ko‘tarish masalasi muhokamaga qo‘yildi. Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, bu topshiriqning amaliy ijrosini ta’minlash masalasi aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga tavsiya qilindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining sudyasi Ra’no Kamolova «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Bunday qaralsa, har bir aksiyaning nominal qiymatining birdaniga salkam 11,5 baravar oshirilishi noinsoflikdan boshqa narsa emas. Buni hatto g‘ayriqonuniy harakatga yo‘ysa ham bo‘laveradi. Aksiyadorlik jamiyati rahbariyati esa, kuzatuv kengashining qarorini o‘zicha tushundi.

Korxona nizom jamg‘armasini aksiyalarning nominal qiymati hisobiga oshirish va shu yo‘l bilan kuzatuv kengashi qarorini ijroga yo‘naltirish maqsadida ancha muqaddam lizing savdolari orqali xarid qilingan garovdagi 2 ta «Keys» traktorini aksiyadorlik jamiyati mol-mulklari ro‘yxatiga kiritishi lozim edi. Bu ish shoshma-shosharlik bilan amalga oshirildi.

Yanada qiziq tomoni shundaki, korxona mutasaddilari aksiyalarning nominal qiymatini oshirish yuzasidan kuzatuv kengashi chiqargan qaror yuqori turuvchi rahbar organlar va tashkilotlar tomonidan ma’qullanishi hamda tasdiqlanishini kutib o‘tirishmadi. Qaror tegishli huquqiy asoslar va rahbariy ko‘rsatmalarsiz ijroga qaratildi.

Oqibat nima bo‘ldi, dersiz? Garov ob’ekti bo‘lmish «Keys» rusumli ikkita bug‘doy o‘rish kombayni qonunga xilof ravishda korxona mol-mulklari ro‘yxatiga kiritildi. Boshqacha aytganda, hali to‘lovi ado etilmagan ana shu ikki lizing ob’ekti evaziga aksiyalarning nominal qiymati oshirildi.

Kuzatuv kengashining aksiyalar qiymatini lizing to‘lovlari allaqachon ado etilgan va korxona mulki sifatida e’tirof etilgan 2 ta «Magnum» traktori hisobiga oshirish haqidagi taklifi negadir inobatga olinmadi. Oqibatda jamiyat boshqaruvi mutasaddilarining hali kuchga kirmagan ushbu qaror ijrosini ta’minlash borasidagi harakati besamar ketdi, korxonaning bir mulki ikkiga ko‘paymadi, moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikka yo‘l ochilmadi.

Aksincha, lizing shartnomasida belgilangan pul vaqtida to‘lanmagani, bu boradagi qarz miqdori quyushqondan chiqqani bois har ikkala traktor ularni yetkazib beruvchi tegishli lizing tashkiloti tomonidan qaytarib olindi.

Afsuski, kuzatuv kengashining yuqori organlar tomonidan ma’qullanmagan va kuchga kirmagan ushbu qarori uzoq yillarga cho‘zilgan boshqa bir jiddiy mojaroga ham sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, bu mojaro o‘sha kezlarda aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashining rahbari Ozod Obidov davlat tomonidan tadbirkorlik va uning rivoji uchun yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanish yo‘llari, choralarini izlashga bel bog‘lab kirishgan bir mahalda ro‘y berdi. Bu o‘rinda O. Obidov o‘shanda ushbu jamiyat aksiyalar paketidagi eng katta ulush sohibi, Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasining Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘sha paytdagi o‘rinbosari — monitoring bo‘limi boshlig‘i lavozimda ishlaganini ham ta’kidlash lozim.

Aksiyalar paketi sohibi belorussiyalik ishbilarmon-traktorsozlar bilan hamkorlik aloqalarini bog‘lashga muvaffaq bo‘ldi. Hamkor yurt ishbilarmonlari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, istiqboldagi xayrli rejani amalga oshirish maqsadida Xorazmda «MTZ» traktor zavodi filialini ochishga rozilik bildirishdi.

Bunday korxona O‘zbekistonday istiqbolli mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun nihoyatda katta ahamiyat kasb etishi tayin edi. Qolaversa, keyingi paytlarda ishi anchayin oqsab qolgan mazkur aksiyadorlik jamiyati faoliyatini qayta jonlantirish, shu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini ochish, mehnat jamoasining rizq-nasibasini butlash borasida qulay imkoniyat vujudga kelganligini chuqur anglagan urganchlik sarmoyadorlar yangi hamkorlarning aksiyalar paketidagi ulushini kamida 51 foizga yetkazish haqidagi taklifini ikkilanmay qabul qildilar.

Korxona aksiyadorlarining ruxsatini olgan Ozod Obidov bu ishga astoydil kirishdi. Xarid qilinishi zarur bo‘lgan 1 ming so‘mlik oddiy aksiyalar narxini 3 ming so‘mga ko‘tarish taklifini ilgari surdi. Bir yo‘la 200 foizlik ustama foydaga ega bo‘lish istagi, albatta, ko‘pgina aksiyadorlarni kengash raisi bilan hamkorlikka undadi.

Shu asnoda jami 1 ming 390 ta oddiy aksiya oshirilgan narxda, sarmoyadorlarning shaxsan roziligi asosida va o‘zaro kelishilgan shartnomaga muvofiq, ya’ni tamomila qonuniy yo‘sinda «Toshkent» fond birjasi tomonidan uyushtirilgan auksion savodlar orqali sotib olindi. Kuzatuv kengashi raisining Belorussiyadagi traktor zavodi filialini ochish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi mashinalarini bevosita Urganchdagi korxonaning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlari aksiyalar savdosi yakuniga yetguniga qadar davom etdi.

Shundan so‘ng esa… qildan qiyiq chiqdi. Kuzatuv kengashinnig qimmatli qog‘ozlar narxini 1 ming so‘mdan 11 ming 124 so‘mga oshirish yuzasidan yuqorida zikr etilgan sanada chiqargan, ammo tegishli organlar tomonidan tasdiqlanmagani bois kuchga kirmay qolib ketgan qarorini pesh qilgan tergov organi mazkur kengash faoliyatini taftish qilishga kirishdi.

Bu jarayonda tushga ham kirmaydigan g‘aroyib voqealar ro‘y berdi. Aksiyalarni o‘z xohishiga binoan qonuniy asoslar bo‘yicha O. Obidovga sotgan shaxslarning deyarli barchasi asl haqiqatning yuziga oyoq qo‘yishdi.

Aniqroq aytganda, ular kengash raisi qimmatli qog‘ozlarni oshirilgan narxlarda o‘zaro kelishuv asosida fond birjasidan sotib olganini inkor etib, aksincha, u «aksiyalarni tez orada yangisiga almashtirib beraman», deya olib ketganini bayon etishdi.

Bu holat ularning rasman bergan ko‘rsatmalarida ham o‘z aksini topdi.

Shu tariqa kengash raisining harakati bois aksiyadorlarga yetkazilgan moliya¬viy ziyon miqdori o‘sha davr narxlari bo‘yicha jami 11 million 823 so‘mga yetganiga oid dalil tergov hujjatlari sa-hifasidan joy oldi.

Bundan hafsalasi pir bo‘lgan xorijiy hamkorlar esa, hali boshlanmayoq nihoyasiga yetgan ishni yig‘ishtirtib qo‘ya qolishdi.

O. Obidov esa, Jinoyat kodeksining firibgarlikka doir 168-moddasi 3-qismi «a» bandi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishga taalluqli 205-moddasi 2-qismi «a» bandi bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

Dastlabki bosqich sudi keyinchalik bu ayblovga o‘zgartish kiritdi.

Jinoyat kodeksining 205-moddasi bo‘yicha qo‘yilgan ayb javobgarning zimmasidan soqit qilindi. Ayblanuvchi mazkur bosqich sudining 2006 yil 12 fevraldagi hukmiga muvofiq 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat kodeksining bag‘rikenglikka oid 72-moddasiga asosan hukm birmuncha yumshatildi. O. Obidovga nisbatan shartli ravishda 2 yillik sinov muddati belgilandi. Aksiyadorlarga yetkazilgan moliyaviy ziyonni qoplash majburiyati ham uning zimmasiga yuklatildi. Ayni paytda ichki ishlar organida vaqti-vaqti bilan ro‘yxatdan o‘tishga hamda aksiya egalariga yetkazilgan moliyaviy ziyonni qoplashga majbur ekani belgilandi.

Sudlanuvchi o‘ziga qo‘yilgan aybga iqrorlik bildirdi va tayinlangan jazodan qoniqish hosil qildi, deyolmaymiz. Aksincha, mahkumning asl haqiqatni izlash, aybsizligini isbotlash, adolat, odillik, xolislik va qonuniylikni qaror toptirishga qaratilgan harakatlari sud hukmidan so‘ng boshlandi.

Haqiqatning ilk nishonasi esa, oradan necha yillar o‘tib, 2010 yilda bo‘y ko‘rsatdi. Aksiya narxlarini 11 ming 124 so‘mga yetkazish yuzasidan 7 yil muqaddam chiqarilgan va oqibatda sarmoya sohiblariga katta miqdorda zarar yetkazilgani tergov hujjatlarida qayd etilgan va pirovardida kuzatuv kengashi raisini ayblashda asosiy dastakka aylangan mash’um qaror mutasaddi idoralar va tashkilotlar tomonidan ma’qullanmagani hamda kuchga kirmagani bois 2010 yil 25 mayda fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi tomonidan bekor qilindi.

O‘sha paytdagi jamoa xo‘jaliklarining hozirda hayot bo‘lgan sobiq rahbarlari O. Safoyev, I. Bobojonov, P. Ollaberganov, X. Masharipov, A. Karimov, Sh. Rajabov, K. Zaripov, qimmatli qog‘ozlarning sohibi maqomidagi fuqarolar Sh. Otamurodov, R. Sultonov, A. Vafoyev, O‘. Nurullayev, I. Bobojonov, R. Shomurodov, U. Tojiyev, R. Ibrohimov ancha yillar muqaddam yakunlangan sud va tergov jarayonlarida noto‘g‘ri va noxolis tarzda to‘qib-bichilgan ko‘rsatmalarga tazyiq ostida imzo chekishgani ayon bo‘ldi. Ular aslida aksiyalarni O. Obidovga o‘z xohish-ixtiyori bi¬lan tegishli huquqiy va me’yoriy hujjatlar asosida sotishganini, sobiq mahkum mazkur qog‘ozlarni aldov yoki firib yo‘li bilan egallab olmaganini, shu sababli unga biron-bir e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qildilar.

Kuzatuv kengashining sobiq raisi arizasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi sudlov hay’ati tomonidan 2018 yil 8 noyabrda o‘tkazilgan navbatdagi jaryonda shu holatlarning barchasi sinchiklab o‘rganildi.

Xolis ekspert va mutaxassis maqomida guvohlik bergan Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i N. Xo‘janiyozov, uning o‘rinbosari T. Rasulov, sobiq broker M. Jumaniyozovning ko‘rsatmalari va hali birinchi bosqich sudlov jarayonidayoq Respublika nazorat markazi mutaxassisi A. Isrofilov tomonidan berilgan rasmiy xulosa asl haqiqatga mos kelishi va O. Obidovning aybsizligini isbotlashga xizmat qi¬lishi e’tirof etildi.

Ushbu guvohliklarni tan olmagan K. Xudoyberganovning ko‘rsatmasi esa, noxolis bo‘lib chiqdi. Sud ushbu ko‘rsatmani inobatga olmadi.

Shunday qilib, aksiyalarning sotib olinishida O. Obidov qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymagani tasdig‘ini topdi. Buni sudda mutaxassis sifatida guvohlik bergan N. Xo‘janiyozov ochiq-ravshan ifodalab berdi.

Mazkur masalada qonunbuzarlik holati mavjud emasligi, bu holat yuqori turuvchi rahbar organ — ushbu bo‘g‘inning respublika tashkiloti yetakchi mutaxxasisi A. Isrofilovning 13 yil muqaddam o‘tkazilgan dastlabki sud chog‘ida bergan, ammo o‘shanda tan olinmagan ko‘rsatmasida o‘z aksini topgani nazarda tutildi.

Bu jarayonda tergov organining O. Obidov xarid qilgan qimmatli qog‘ozlarni o‘z egalaridan almashtirib berish maqsadida egallab olganiga oid da’vosi ham asossiz bo‘lib chiqdi. Binobarin, bu borada mavjud tartib-taomillarning o‘z yo‘rig‘i bor va unga ko‘ra, O. Obidov aksiyalarni almashtirib berish vakolatiga ega emas. Tergov organi e’tirozi inobatga olinmagani boisini ham shundan izlash darkor.

Sud ushbu holatlarni atorflicha va sinchiklab o‘rganar ekan, O. Obidovning harakatida dastlabki bosqich sudi tomonidan firibgarlik sifatida baholangan jinoyat alomati aslida mavjud bo‘lmaganini e’tirof etdi. Sobiq mahkum ana shu asosga ko‘ra, to‘la oqlanib, reabilitatsiya qilindi.

O. Obidovning ustidan muqaddam chiqarilgan sud hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi harakatdan tugatildi. Endilikda u o‘ziga yetkazilgan katta miqdordagi moddiy va ma’naviy ziyonni sud tartibida bemalol undirishi mumkin.

Xullas, roppa-rosa 13 yil davom etgan mojaro yurtimizda adolat va haqiqat, odillik va xolislik tamoyillari ustuvorligi tobora mustahkam qa¬ror topayotgani sharofati bilan to‘la barham topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi apelyatsiya hay’atining O. Obidovni oqlashga doir ajrimi qonuniy kuchga kirdi. Sobiq mahkum va unga taraf bo‘lgan ko‘pgina insonlarning asabiyu yuragini yillar davomida kemirib kelgan dard butkul aridi.