O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Samarqand viloyatida besh kishilik oilani qasddan o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan to‘rt erkak qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, ular ushbu mahallada yashovchi ishsiz G‘.T. (1981 y.t.), J.U. (1993 y.t.), Sh. E. (1995 y.t.) va X.N.(1996 y.t.) bo‘lib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 15 may kuni Qo‘shrabot tumanida Damas miniveni ichida erkak, ayol va ularning uch farzandining jasadlari topilgan edi.

Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi shakllantirgan tergov-tezkor guruhi amalga oshirgan keng qamrovli tadbirlar natijasida to‘rt erkak noqonuniy boylik orttirish maqsadida 14 maydan 15 mayga o‘tar kechasi marhum A.X.ning xonadoniga yashirincha kirib, ularning uxlab yotganligidan foydalanib, o‘zlari bilan olib kelgan temir bo‘laklari bilan bosh, yuz va jag‘ qismlariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Xonadondan 22 mln. so‘m va marhum J.I.ning Samsung Galaxy A8 rusumli telefonini qo‘lga kiritib, jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhum J.I.ga tegishli avtomobilga jasadlarni yuklab, avtomashinani Qo‘shrabot tumani, «Do‘stlik» MFY., «Boqichig‘atoy» qishlog‘idagi dalaga tashlab ketishgan.

Gumon qilinuvchilarning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, gumon qilinuvchilarning ko‘rsatuvlarini hodisa joyida tekshirish tergov harakatlari, ashyoviy dalil tariqasida olingan jinoyat qurollari bo‘lgan 4 dona temir bo‘laklari, marhum J.I.ga tegishli bo‘lgan «Samsung Galaxy A8» rusumli telefon apparati, marhumlarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lari, jinoyat sodir etish vaqtida gumon qilinuvchilarning egnida bo‘lgan jinoyat alomatlari mavjud kiyimlari va boshqa dalillar majmui bilan to‘liq tasdiqlanmoqda.

19 may kuni gumonlanuvchilar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «j», «i» ,"p" bandlari bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.