O‘zbekistonda yer uchastkalarini ajratish jarayonida hokimiyatlarning rolini kamaytarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 18 may kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.

«Yer masalasini xronometraj sifatida qaraydigan bo‘lsak, ariza bergandan boshlab yerni tanlash, yerni ajratish, undan oldin APZ 1 va APZ 2 (binoni arxitekturaviy rejalashtirish — tahr.) degan joylari bor. Juda katta byurokratiya bor bu yerda. Buni tan olishimiz aytishimiz kerakki, bugungi kundagi talablarga, bugungi kunda bo‘layotgan jarayonlarga javob bermaydi», — dedi u.

Adliya vaziri viloyatlarga, joylarga borib tahlil qilinganida, hokimliklar yer uchastkalarini yagona elektron savdo maydonchasiga chiqarmayotgani yoki auksionda ishtirok etib, yerni pulga sotib olgandan keyin ham tuman hokimlari besh-olti oylab qarorni chiqarib bermayotganini ta’kidladi.

Vazir yer uchastkalarini ajratishda hokimiyatlar rolini kamaytirish lozimligini ta’kidladi. «Biz bu jarayonni tubdan o‘zgartirishimiz lozim. Kerak bo‘lsa, hokimliklarning bu jarayondagi rolini kamaytirish zarur. Chunki bizda har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘zining vakolatli organi bor, shu vakolatli organga ishonish kerak», — dedi u.

Adliya vazirligi rahbari davlat xizmatlarini maqbullashtirish nuqtai nazaridan qurilish sohasida hokimiyalarning qurilishga ruxsat berish funksiyasi olib tashlanganini ma’lum qildi. Jumladan, 1 martdan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish tartibi bekor qilindi va ular boshlangani to‘g‘risida xabardor qilish mexanizmi joriy etildi.

Bundan tashqari, endilikda qurilishi tugallangan binoni foydalanishga topshirish uchun qabul qilib olish to‘g‘risidagi akt hokim qarori bilan tasdiqlanmaydi.

«Biz qurilish sohasida hokimiyatlarning ruxsat berish funksiyasini olib tashladik. Olti oygacha ruxsat berib yuradigan sharoitda hozir bir haftada ruxsatini olayapti. Shu muddatdan o‘tib ketsa, davlat xizmatlari markazlarimiz darrov jarima qo‘llaydi. Yoki qurilishi tugallangan ob’ektni qabul qilish ham oldin hokimiyat orqali bo‘lar edi. Uni ham hokimiyat bo‘g‘inidan chiqarib tashladik. Buning natijasida ob’ektlarni qabul qilish muddatlari ham o‘n barobarga qisqardi», — dedi vazir.

Adliya vazirligi yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha O‘zgeodezkadastr bilan birgalikda ishlab, prezident qarori loyihasini tayyorladi. Bugungi kunda u prezident adminstratsiyasida ko‘rib chiqilmoqda. «Yaqin kunlarda [qaror] qabul qilinishi kerak. Bu topshiriqni biz prezidentimizning Navoiy viloyatiga bo‘lgan tashrifida oldik. Bir oyni ichida ishladik, yaqinda bu sohada ham tubdan o‘zgarish bo‘ladi», — deya ma’lum qildi Ruslanbek Davletov.

Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nusratbek To‘ychiyev hozirda Yer kodeksini takomillashtirish bo‘yicha ishlab olib borilayotgani, yer uchastkalarini ajratish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.