O‘zbekiston bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonasi biznes muammolarini amalda hal etuvchi «forpost"ga aylanadi, dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov shanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida.

Tadbirkor Aleksey Karpov majlisda loyihalardan birida ekologik eksperizani olishga ikki oy vaqt sarflanganidan shikoyat qildi. Ishbilarmon ruxsat beruvchi hujjatlar tizimini soddalashtirishni so‘radi.

Adham Ikromov bosh vazir qabulxonalari sertifikatlash vaqtini kamaytirishi lozimligini ta’kidladi. «Har qanday sertifikat, hatto viloyat darajasida ham ikki-uchta mahkama kelishuviga ehtiyoj sezadi. Bu — ekologiya, standartlashtirish. Shuning uchun hozirda mana shu qabulxonalar sizlarning murojaatlaringiz, istaklaringizni qabul qiladi va ularni yetti kun ichida hal etadi», — dedi SSP rahbari.

SSP raisi prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan ijro hokimiyati tadbirkorlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgangani, biroq byurokratik to‘siqlar hamon har bir qadamda mavjudligini ta’kidladi.

«Ijro hokimiyati gapirish va eshitishni o‘rgandi, ammo „ha“ deyishni hozircha boshlagani yo‘q. Mana shu qabulxona „ha“ deydigan va muammolarni amalda hal etadigan forpost bo‘ladi», — dedi u.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha bosh vazir qabulxonalari prezidentning 14 maydagi farmoni bilan tashkil etildi. Ular butun mamlakatdagi davlat xizmatlari markazlari binolariga joylashtiriladi.

Qabulxonalarga qarori yoki harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz topshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlariga rioya etilishini ta’minash, muammoli masalalarni ko‘rib chiqish, shuningdek jumladan yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish ularning vazifalari hisoblanadi.