2019 yil 17 may kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi S.J. «Kobalt» rusumli avtomashinani Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining Chamanzor mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomagistral yo‘lida haydab ketayotib, texnik nosozligi sababli to‘xtab turgan fuqaro Sh. G. boshqaruvidagi «MAZ-509A» rusumli yuk avtomashinasining yarimtirkama bortiga urilib, to‘qnashuv sodir etgan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Natijada «Kobalt» avtomashinasi yo‘lovchilari, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashagan Z.M. ismli ayol va Termiz tumanida yashagan S.X. jarohat olib voqea joyida vafot etgan.

Shuningdek, «Kobalt» avtomashinasi haydovchisi S.J. jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan va uning yana 2 nafar yo‘lovchilariga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.