Joriy yil 18 may, shanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab «O‘smirlar orasida semizlikka qarshi» tadbiri doirasida faol yurish bo‘yicha ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Jumladan, ushbu tadbir Toshkentdagi Botanika bog‘ida ham aholi ishtirokida o‘tkazildi. E’tiborli jihati, muntazam o‘tkazilayotgan bu kabi ommaviy tadbirlar aholida sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularni jismoniy faol bo‘lishga undamoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar o‘rtasida, balki bolalar va o‘smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Ma’lumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o‘smirlar semizlikka duchor bo‘lishgan.

Bolalar va o‘smirlar orasida semizlik va semirishning tarqalishi 1975 yildagi 4 foizdan 2016 yilda 18 foizgacha ko‘tarildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qizlarning 18 foizi va o‘g‘il bolalarning 19 foizi ortiqcha vaznga ega.

Joriy yilmay oyi davomida respublikaning barcha hududlarida sog‘liqni saqlash tizimi tasarrufidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har haftada seshanba kuni — mahallarda «Salomatlik maydonchalari», chorshanba kuni — maktab, kollej vaoliy o‘quv yurtlarida «Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz», payshanba kuni — jamoat joylarida «Salomatlik maydonchasi», juma kuni — mahallarda «Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi» kabi tadbirlar tashkil etilayapti.