GM Uzbekistan kompaniyasi uchta yangi modelni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan reportajida.

Reportajda «O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqov prezidentga Chevrolet Equinox va Chevrolet Traverse krossoverlari hamda Chevrolet Trailblazer yo‘ltanlamasini tanishtirayotgani aks ettirilgan. Asakadagi zavodni modernizatsiya qilish loyihasining qiymati 500 mln dollarga baholanmoqda.

Avvalroq «O‘zavtosanoat» krossoverlar segmentida yangi avtomobillarni ishlab chiqarish rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Captiva modeli esa o‘tgan yilning kuzida ishlab chiqarishdan olindi.