Andijon viloyati Asaka tumani obodonlashtirish bo‘limining ikki nafar xodimi yo‘l yoqasida o‘simliklarni sug‘orish bilan shug‘ullanayotgan vaqtda yengil avtomobil urib ketishini natijasida hayotdan ko‘z yumdi, yana bir ayol jarohatlandi. Hodisa 16 may kuni taxminan 8:00 da Andijon-Shahrixon avtomobil yo‘lining «Dasturxonchi» mahallasi hududida sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Cobalt haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan. Bir ayol (O.P.) hodisa joyida, ikkinchisi (F.T.) — shifoxonada vafot etgan. Uchinchisi (Z.U.) esa tan jarohatlari bilan Asaka tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yo‘l transport hodisasi natijasida jabrlangan fuqarolarning mehnatga jalb qilinishi qonuniyligi o‘rganilganda, O.P., Z.U. va F.T. 2018 yilning fevral oyidan beri Asaka tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining tegishli buyruqlariga asosan boshqarmada haq to‘lanadigan jamoat ishiga ishchilar sifatida qabul qilingani ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuraturadan qayd etilishicha, IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Asaka tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining ishchilarini Asaka tumanida «Dasturxonchi» MFY hududidagi transport qatnov yo‘lining chetida sug‘orishga jalb qilinishida mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida taqdimnoma kiritildi.

Dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, xabarda ko‘rsatilgan Jalaquduq tumani hududida tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinayotganligi haqidagi holat o‘rganildi. O‘rganish davomida tibbiyot xodimlari magistral yo‘lni tozalashga va majburiy mehnatga jalb etilmaganligi aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning mart oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yo‘l chetlarini tozalashga olib chiqilgan 23 yoshli o‘qituvchi Diana Yenikeyeva yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida vafot etgan edi. Haydovchi olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, tuman hokimining o‘rinbosari va tuman XTB bo‘lim boshlig‘i mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun ikki yil muddatga ahloq tuzatish ishlariga jalb etildi.