15 may kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSHning Valmont Industries Inc. kompaniyasining Yevropa va Yevro Osiyodagi hududiy vitse-prezidenti Ryudiger Klaasni qabul qildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

10−14 fevral kunlari Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHning Missisipi shtatiga tashrifi chog‘ida delegatsiya a’zolari safidagi Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari Valmont Industries, Inc. kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar asosida tajribada sinalgan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda O‘zbekistondagi qishloq xo‘jalik maydonlarida suv resurslarining sarfini «aqlli texnologiyalar nazorati» yordamida innovatsion sug‘orish tizimlarini yaratish haqida kelishuvga erishilgan edi.

I,brohim Abdurahmonov va Ryudiger Klaas loyihaning birinchi bosqichi — fermerlik xo‘jaligining 100 gektarli ekin maydonida pilot loyihasi amalga oshirish masalasini muhokama qildilar. Xususan, dala maydonlariga aylanma yomg‘irlab sug‘orish uskunalarini o‘rnatish zarurligi va bu «aqlli qishloq xo‘jaligi» konsepsiyasining bir qismi bo‘lishi muhokama qilindi.

Mazkur pilot loyiha uchun Toshkent viloyatidan yer maydoni ajratish maqsadga muvofiq deb topildi.

Sug‘orish va suvni tejash texnologiyalari bo‘yicha uskunalar ishlab chiqarish dunyoda yetakchi kompaniya sanalmish Valmont Industries, Inc. bugunda qo‘shni Qozog‘istonda o‘z faoliyatini boshlab yuborgan.

«Bugungi kunda Qozog‘istonda 300 tadan ko‘proq aylanma yomg‘irlab sug‘orish uskunalarini o‘rnatdik, — dedi R. Klaas o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlasharkan. — Fermerlar bu uskunalarni davlat tomonidan taqdim etiladigan subsidiyalar hisobiga xarid qilishmoqda».

Shuningdek, R. Klaas Nebraska universiteti huzuridagi Oziq-ovqat uchun suv instituti (The Daugherty Water for Food Global Institute) bilan hamkorlikda fermerlarning malakasini oshirish, ularning talab va istaklarini o‘rgangan holda keyingi aqlli qishloq xo‘jaligi konsepsiyasini tuzish taklifini berdi.