Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti 10 yilligiga bag‘ishlangan tadbirga tashrifi doirasida Toshkentda doktorantlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegram kanali orqali xabar berildi.

Politecnico di Torino va TTPU o‘rtasida imzolangan xalqaro akademik tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumiga ko‘ra doktorlik imtihoniga nomzodlar birgalikda tayyorlanadi.

Shartnomani amalga oshirish uchun birgalikda doktorlik qo‘mitasi tuzilib, qo‘mita doktorlik dasturiga kiradigan nomzodlarning ilmiy faoliyatini baholaydi, ta’limning uch yillik davrida ularning o‘sishini monitoring hamda tahlil qiladi.

Qolaversa, qo‘mita har yili ro‘yxatga olinadigan nomzodlar sonini belgilaydi, shartnomani yangilash bo‘yicha takliflar beradi hamda barcha doktorantlarning Italiya va O‘zbekiston qonunchiligiga rioya qilishlarini nazorat qiladi.