Aprel oyida Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan 481 ta obyektda xronometraj ko‘zdan kechirish tadbirlari o‘tkazildi. Natijada tushumlar miqdori oldingi kunlardagi o‘rtacha bir kunlik tushumga nisbatan 1,9 mlrd so‘mga oshdi, deya xabar qildi Toshkent shahar DSB matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Jumladan;

  • savdo ob’ektlarida 1 mlrd 428,5 mln so‘mga;
  • umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 276,2 mln so‘mga;
  • xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida 140,1 mln so‘mga;
  • dorixonalarda 37,4 mln so‘mga;
  • avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 32,6 mln so‘mga;
  • tibbiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida 1,1 mln so‘mga oshgan.

Xronometraj tadbirlari davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda 483 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotgani aniqlandi.

Jumladan, poytaxtning Olmazor tumani Qora-Qamish 2/5-dahasi O‘razboyev ko‘chasida faoliyat yuritayotgan savdo shoxobchasida o‘tkazilgan xronometraj davomida 38,3 mln so‘m tushum amalga oshirilib, bir kun oldingiga nisbatan o‘rtacha 16,5 mln so‘mga oshdi. Bundan tashqari, 18 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotganligi aniqlandi.

Ushbu hududdagi Nozimaxonim ko‘chasida joylashgan yana bir savdo markazida o‘tkazilgan xronometraj davomida 70,9 mln so‘m tushum amalga oshirilib, bir kun oldingiga nisbatan o‘rtacha 50,5 mln so‘mga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 1 oktyabridan boshlab, davlat soliq xizmati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj natijalariga ko‘ra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi.

“Hurmatli tadbirkorlar ishga jalb etilgan fuqarolarning „konvert“ usulida haq to‘lanishi, savdodan tushgan naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasiga yo‘l qo‘ymang. Zero, Siz savdo-sotiq tartib-qoidalariga to‘liq amal qilish orqali nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishiga hamda aholi turmush farovonligi yanada yaxshilanishiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz”, — deyiladi xabarda.