2019 yilning 16 may kuni soat 04−00 da Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri, Samarqand ko‘chasida joylashgan «Darvoza Savdo» MCHJga qarashli «Makro» savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida shahar Yong‘in xavfsizligi bo‘limining dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar berdi.

Voqea joyiga 5 ta yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari voqea joyiga soat 04 dan 03 daqiqa o‘tganda yetib borgan va ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 04 dan 09 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 04 dan 19 daqiqa o‘tganda to‘liq bartaraf etilgan.

Natijada yong‘indan majmuaning 750 kv. metr maydoni saqlab qolingan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in oqibatida majmuaning 1-qavatidagi 30 kv. metr maydonda savdo rastasi va 3 dona muzlatgich yonib zararlangan. Yong‘inni taxminiy sababi majmuadagi muzlatgichning elektr simlarida qisqa tutashuv bo‘lgani aytilmoqda. Ayni paytda moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.