Andijon viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab-internati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2−3 iyunda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shunga muvofiq o‘sha yili iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, 11 dekabrda mazkur maktab ochilgan edi.

Maktab oldida shoir byusti o‘rnatilgan xiyobon barpo etilgan. Bilim dargohida umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyotni chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sinfxonalar, kutubxona, sport zali, yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Bugungi kunda bu yerda 150 nafar iqtidorli yigit-qiz ta’lim olmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Muhammad Yusufning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan mo‘’jazgina muzeyni ko‘rdi. Maktab o‘quvchilari shoir she’rlaridan namunalar o‘qib berdi.

— Muhammad Yusuf halqimiz sevgan samimiy shoir, vatanparvar inson edi. Sizlar uning munosib davomchilari bo‘lishingiz kerak. Buning uchun bir daqiqayam vaqtlaringizni bexuda o‘tkazmay, ko‘proq o‘qib, tarixga uyg‘oq boqib kamolga yetishlaringiz zarur. Eng katta boylik — ma’naviy boylikdir, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga maktab-internat o‘quvchilari uchun avtobus ajratish, boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga ko‘maklashish, viloyat televideniyesida o‘quvchilar ishtirokida ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.